O‘zbekiston | 20:10 / 13.09.2022
23377
2 daqiqa o‘qiladi

Muzrabot tumaniga hokim vazifasini bajaruvchi tayinlandi

Muzrabot tumani rahbarligida to‘rt yildan ortiq ishlagan Erkin Alimov o‘rniga o‘rinbosari tayinlandi.

Foto: Muzrabot tuman hokimligi

Surxondaryo viloyati Muzrabot tumaniga hokim vazifasini bajaruvchi tayinlandi. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati xabar qildi.

12 sentabr kuni Muzrabot tumani hokimligida Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Usmon Turopov raisligida tashkiliy masalaga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilgan. Unda Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, tegishli tashkilot va muassasa vakillari qatnashgan.

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovning tegishli buyrug‘iga asosan Abdurashid Ismoilov Muzrabot tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.

Abdurashid Ismoilov 1977 yilning 12 iyulida Boysun tumanida tug‘ilgan. 2005 yilda Termiz Davlat universitetini, 2014 yilda Toshkent Moliya institutini tamomlagan. Mutaxassisligi – Budjet hisobi va nazorat-moliya.

U 2022 yil 25 avgustidan buyon Muzrabot tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari - iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi. Bundan avval Moliya vazirligida faoliyat yuritgan.

Ma’lumot uchun, Muzrabot tumaniga 2018 yil iyulidan buyon Erkin Alimov rahbarlik qilib kelayotgandi.

Mavzuga oid