Jahon | 09:10 / 13.09.2022
2961
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa ittifoqida «omikron»ga qarshi yana bir vaksina ma’qullandi

Yevropa komissiyasi, YeDA tavsiyalariga asoslanib, «omikron» BA.4 va BA.5 subvariantlariga qarshi kurashish uchun mo‘ljallangan yana bir dori vositasidan foydalanishni ma’qulladi. 

Foto: Getty Images

Yevropa komissiyasi (YeK) «omikron» varianti BA.4 va BA.5 turlariga moslashtirilgan SARS-CoV-2 koronavirusiga qarshi BioNTech/Pfizer kompaniyalarining yana bir vaksinasini tasdiqladi. Bu haqda 12 sentabr, dushanba kuni Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen xabar berdi,

«Omikron»ning turlariga qarshi kurashish uchun yangi vaksinadan foydalanish avvalroq Yevropa dori vositalari agentligi (YeDA) tegishli qo‘mitasi tomonidan tavsiya etilgandi. Agentlikning ta’kidlashicha, Comirnaty Original/Omicron BA.4-5 bilan takroriy emlash 12 va undan katta yoshdagi odamlarga tavsiya etiladi. 

«Biz kovid hanuzgacha tahdid ekanini bilamiz. Shuning uchun hozirgina YeDA tavsiyasi asosida BioNTech/Pfizer busterini ma’qulladik. Bu kuzda xavfsizroq bo‘lishimizga yordam beradi. Emlash hali ham COVID-19’dan himoyalanishning eng yaxshi usuli hisoblanadi», - deb yozdi fon der Lyayyen Twitter’da.

YeDA qarori 1 sentabrda tasdiqlangan Comirnaty Original/Omicron BA.1 yangi vaksina prekursorining klinik sinovlariga asoslangan. Dori tarkibi vaksinaning yangi versiyasiga juda o‘xshaydi, deyiladi regulyator bayonotida. 

Comirnaty Original/Omicron BA.4-5 bo‘yicha klinik tadqiqotlar davom etmoqda, deya qo‘shimcha qildi YeDA. 

Robert Kox instituti ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan kun davomida Germaniyada yana 54 930 kishida COVID-19 aniqlangan va 90 bemor vafot etgan. Pandemiya boshlanganidan beri Germaniyada 32,5 million kishida infeksiya aniqlangan, ulardan 148 389 nafari vafot etgan, 31,7 millioni tuzalib ketgan. BA.4 i BA.5 «omikron» subvariantlari hozirda Germaniyada SARS-CoV-2 virusi bilan kasallanishning deyarli barcha aniqlangan holatlarini tashkil etadi, deya xabar qildi dpa agentligi. 

12 sentabr holatiga ko‘ra, Germaniyada koronavirusga qarshi 184,9 million emlash amalga oshirilgan. Mamlakat aholisining 76,3 foizi to‘liq emlangan, aholining 62,1 foizi esa vaksinaning buster dozasini olgan. 

Mavzuga oid