Jahon | 22:08 / 15.09.2022
11361
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston TIV mamlakatning KXShTdan chiqishi to‘g‘risidagi xabarni rad etdi

Ta’kidlanishicha, KXShT doirasidagi hamkorlik Qozog‘iston tashqi siyosatining muhim yo‘nalishi hisoblanadi. 

Foto: RIA Novosti

Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi mamlakat KXShTga a’zoligini to‘xtatishi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarni rad etdi, deb yozadi StopFake

"Qozog‘istonning go‘yoki KXShTdan chiqishi to‘g‘risidagi ma’lumot mutlaqo feyk va haqiqatga mos kelmaydi. Qozog‘iston KXShTning asoschilaridan biri, tashkilotning faol ishtirokchisi hisoblanadi. KXShTga a’zolik mamlakatimiz milliy manfaatlariga to‘la javob beradi", - deyiladi mamlakat tashqi ishlar vazirligi bayonotida.  

Qayd etilishicha, KXShT doirasida xalqaro terrorizm, noqonuniy migratsiya, giyohvandlik moddalarining noqonuniy savdosi, transchegaraviy jinoyatchilik, axborot sohasidagi tahdidlarga qarshi choralar ishlab chiqilmoqda. 

"KXShT doirasidagi hamkorlik Qozog‘iston tashqi siyosatining muhim yo‘nalishi hisoblanadi, mamlakatimizning KXShTdagi ishtiroki Qozog‘istonning uzoq muddatli strategik hujjatlarida ko‘zda tutilgan", - deb ta’kidlagan vazirlik. 

KXShTga 1992 yilda asos solingan. Tashkilotga Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston a’zo hisoblanadi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid