Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AEXA Ukrainadagi AES bo‘yicha «haqiqiy muzokaralar» boshlanganini e’lon qildi
AEXA rahbari Grossi BMT Bosh assambleyasi doirasida Rossiya va Ukraina tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Hozircha aniq natijalar yo‘q, biroq tomonlar himoya zonasini yaratish zarurligini tushunyapti, dedi u.
Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) Rossiya va Ukraina bilan Zaporijjya atom elektr stansiyasida himoya zonasini yaratish bo‘yicha «real muzokaralarni» boshladi. Tashkilot rahbari Rafael Grossi 22 sentabr, chorshanba kuni kechqurun Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasi umumiy muhokamasi doirasida ikki davlat tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Dmitriy Kuleba bilan uchrashuvlar o‘tkazganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha aniq natijaga erishilgani yo‘q, biroq unda barcha tomonlar bunday himoya zonasini yaratish zarurligiga ishonch hosil qilganidek taassurot uyg‘ongan. So‘nggi kunlarda ZAES atrofidagi vaziyat keskinlashishda davom etib, «o‘ta jiddiy xavotir»ni keltirib chiqarar ekan, «imkon qadar tezroq» kelishuvga erishish kerak, deya qo‘shimcha qildi Grossi.
AEXA rahbari, shuningdek, yaqin kelajakda yana Ukrainaga, keyin esa Rossiyaga tashrif buyurishi va muzokaralarni davom ettirishi mumkinligiga umid bildirdi.
Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi mart oyi boshidan beri Rossiya qo‘shinlari nazoratida, biroq ukrainalik xodimlar unga xizmat ko‘rsatishda davom etmoqda. Yozda ZAESdagi vaziyat keskinlasha boshladi, stansiya o‘qqa tutilmoqda, Moskva va Kiyev bunda bir-birini ayblamoqda. AEXA missiyasi sentabr oyi boshida stansiyada bir necha kun bo‘ldi. Obektda ikkita mutaxassis qoldi.
11 sentabr kuni Ukrainaning «Energoatom» milliy atom energiyasi ishlab chiqaruvchi kompaniyasi Zaporijjya atom elektr stansiyasi ishi to‘liq to‘xtatilganini e’lon qildi. «Energoatom»ga ko‘ra, oldingi kunlarda Rossiyaning o‘qqa tutishi tufayli 6-energoblok «orol rejimida ishlagan» va faqat ZAESning o‘z ehtiyojlari uchun juda past quvvat darajasida xizmat qilgan. Keyinchalik AEXA stansiyada zaxira elektr uzatish liniyasi tiklanganini ma’lum qildi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, bu stansiya reaktorni sovitish uchun zarur bo‘lgan elektr energiyasi va boshqa muhim xavfsizlik vositalari bilan ta’minlagan.
Mavzuga oid
18:44
Ukraina dronlari Rossiyaning kamida 14 regioniga hujum qildi
10:02 / 13.06.2026
Ukraina armiyasida keng ko‘lamli islohotlar boshlandi
23:16 / 12.06.2026
Yevropa Ittifoqi Ukraina va Moldova a’zoligi bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi
17:21 / 12.06.2026