Ishonchsiz “Ishonch telefonlari” – muammoni aytish muammosi
Bosh prokuratura murojaatlarni qabul qilish markaziga ulanish uchun biroz omadli bo‘lishingizga to‘g‘ri keladi. Adliya vazirliginiki esa “xizmat ko‘rsatish doirasidan tashqarida”. Davlat organlarining “Ishonch telefonlari”ga muammosini aytish uchun qo‘ng‘iroq qilgan fuqarolar muammoga duch kelmoqda.
Hozirda deyarli barcha vazirlik va markaziy tashkilotlarning rasmiy saytlari hamda u yerda aloqa yoki “Ishonch telefoni” raqamlari bor. Bu – soha bo‘yicha murojaat etish, muammoni aytish, yordam yoki maslahat olish uchun joriy qilingan. Biroq bu raqamlar barcha vazirlik yoki tashkilotda ham ko‘ngildagidek ishlamayapti.
Kun.uz davlat organlari va tashkilotlarining aloqa yoki ishonch telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, kichik tajriba o‘tkazib ko‘rdi.
Dastlab Bosh prokuratura ishonch telefoniga murojaat qildik. Mahkamaning murojaatlarni qabul qilish markazi aloqa raqamiga “beton to‘siq” qo‘yilganga o‘xshadi: qo‘ng‘iroq birinchi chaqiruvdayoq shu to‘siqqa urilib, uzilib ketadi. Bir necha bor qilingan harakatlar ham samarasiz, na bog‘lanib, na ma’lumot olib bo‘ladi.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, murojaat markazida 11 nafar operator doimiy ravishda qo‘ng‘iroqlarni qabul biladi. Lekin aloqa tizimi texnik jihatdan shunday ishlaydiki, navbatda turgan qo‘ng‘iroqlar soni 25 tadan oshsa, 26-bo‘lib navbatga turishi kerak bo‘lgan murojaatchi va undan keyin qo‘ng‘iroq qilganlar bilan aloqa avtomatik ravishda uzilib qoladi.
Eksperiment davomida Adliya vazirligining “Ishonch telefoni”ga takror va takror qilgan qo‘ng‘iroqlarimizga “apparat o‘chirilgan yoki xizmat ko‘rsatish doirasidan tashqarida” degan javobni olgan bo‘lsak, IIV, MIB, Soliq qo‘mitasi, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligida operator bilan bog‘lanish uchun uzoqroq navbat kutishga to‘g‘ri keldi. Eksperimentda faqatgina Sog‘liqni saqlash vazirligi va Oliy sud “Ishonch telefoni”ga bog‘lanish oson kechdi.
Kichik tajribamizdan ma’lum bo‘ldiki, aksariyat holatlarda davlat organlari va tashkilotlarining “Ishonch telefoni”ga qo‘ng‘iroq qilib, bog‘lanish uchun fuqarolarda katta sabr va asab bo‘lishi kerak ekan. Yo‘qsa muammoni aytish muammosiga duch kelganidan dod deb yuborishi aniq.
Shokir Sharipov,
Dilshoda Shomirzayeva,
Ziyaddin Mamatjonov
Mavzuga oid
18:54 / 25.10.2024
O‘zbekistonda sotilgan eng qimmat va antikvar avtomobil haqida ma’lumot berildi
21:05 / 15.10.2024
SSV: Tibbiyot sohasidagi korrupsion holatlar bo‘yicha hech bir murojaat e’tibordan chetda qolmaydi
20:50 / 07.08.2024
O‘zboshimcha egallangan yer qanday qonuniylashtiriladi? Yangi qonun bo‘yicha mutaxassis bilan suhbat
09:43 / 24.07.2024