Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qatarda O‘zbekiston madaniyat kunlari boshlandi
Joriy yil 24 sentabridan 5 oktyabriga qadar Qatar poytaxti Doha shahrida O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tyapti, deb xabar bermoqda “Dunyo”.
Anjuman O‘zbekistonning Kuvaytdagi elchixonasi tashabbusi va yordami hamda O‘zbekiston “Hunarmand” uyushmasi va “Katara” madaniyat jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.
Tadbir doirasida O‘zbekiston hunarmandlari mahsulotlarining sotuv-ko‘rgazmasi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda “Katara” madaniyat jamg‘armasi bosh direktori, professor Holid bin Ibrohim as-Sulayti, O‘zbekistonning Qatardagi elchisi Bahrom A’loyev, O‘zbekiston hunarmandlar uyushmasi raisi Ulug‘bek Abdullayev va Butunjahon hunarmandlar kengashi prezidenti Sa’ad al-Qaddumi so‘zga chiqdi.
Madaniyat kunlari o‘tkazilishi O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi do‘stona aloqalarning rivojlanishi hamda respublikaga kelayotgan xorijiy sayyohlar sonini oshirish uchun muhim ekaniga alohida e’tibor qaratildi.
Ko‘rgazmada respublika turli viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda hunarmandchilik yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan ustalar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Ko‘rgazma doirasida o‘zbek hunarmandchiligi va respublika turistik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar tashkillashtiriladi, o‘zbek hunarmandlari mahorat saboqlari o‘tkazadi.