Jahon | 14:15 / 28.09.2022
25787
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiyaning yadroviy qurollari ustidan nazoratni kuchaytirdi

G‘arb Putinning Ukraina bilan urushda tashabbusni qo‘lga olish maqsadida taktik yadro qurolidan foydalanishi mumkinligidan xavotirda. Shu bilan birga, ekspertlar aviatsiyaning taktik yadro qurolidan foydalanish uchun qayta jihozlanishini aniqlashning iloji yo‘qligini tan olyapti.

27 sentabr, seshanba kuni Politico nashrining AQSh amaldagi va sobiq besh nafar amaldori so‘zlariga tayanib xabar berishicha, AQSh va uning ittifoqchilari razvedka xizmatlari Ukraina hududida ehtimoliy yadroviy zarbaga tayyorgarlikni aniqlash maqsadida Rossiya ustidan kuzatuvni kuchaytirdi.

«Biz buni diqqat bilan kuzatyapmiz», — deya Rossiya yadroviy kuchlari haqidagi razvedka ma’lumotlariga ega bo‘lgan Oq uy rasmiysi so‘zlaridan iqtibos keltirgan nashr. Politico suhbatdoshiga ko‘ra, kuzatuv havoda, koinotda va kibermakonda amalga oshiriladi. Shu bilan birga, manbalar Rossiya, shubhasiz, Ukrainada strategik emas, balki taktik yadroviy qurollardan (TYaQ) foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani bilan bog‘liq qiyinchiliklarga ishora qildi. 

Politico suhbatdoshlari tushuntirishicha, Rossiya samolyotlarining aksariyati nafaqat oddiy raketalar, balki qit’alararo ballistik raketalar kabi strategiklardan ko‘ra jang maydonida ko‘proq aniq nishonga olish foydalanishga mo‘ljallangan kichikroq taktik yadro qurollari bilan jihozlanishi mumkin. 

Strategik raketalar jangovar navbatchilikka qo‘yilayotgani yoki mashg‘ulotlarga tayyorlanayotgani haqida aniq belgilar mavjud, ammo bu TYaQ   bilan bog‘liq emas. «Bu shuni anglatadiki, agar Putin va uning qo‘mondonlari o‘zlari dunyo oldindan bilishni istamasa, Rossiya qo‘shinlari oddiy o‘q-dorilarni atom bombalariga almashtirganmi yoki yo‘qmi, Qo‘shma Shtatlar hech qachon bila olmasligi mumkin», dedi Politico manbalari. 

AQSh va uning ittifoqchilari yerdagi rus bo‘linmalarini kuzatish uchun tijorat sun’iy yo‘ldoshlaridan foydalanadi. O‘tgan hafta AQSh razvedka samolyotlari Rossiya gipertovushli raketalarni joylashtirgan Kaliningrad oblastini bir necha bor kuzatdi. 

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan so‘ng, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, hukumat amaldorlari va targ‘ibotchilar Rossiyaga yadroviy hujum yoki ekzistensial tahdid bo‘lgan taqdirda, Rossiya yadro qurolidan foydalanishi mumkinligini bir necha bor ochiq aytdi. 21 sentabr kuni Putin safarbarlik boshlanishi munosabati bilan xalqqa qilgan murojaatida Rossiya hukumati o‘z hududlarini himoya qilish uchun «ixtiyorida bo‘lgan barcha vositalarni» ishga solishga tayyorligini ta’kidlab, «bu hazil emas»ligini bildirdi.

27 sentabr kuni o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» va «LXR»da, shuningdek, Ukrainaning Xerson va Zaporijjya oblastlari egallab olingan hududlarida Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha «referendum» yakunlandi. Ovoz berganlarning aksariyati, rossiyaparast manbalarga ko‘ra, o‘z hududlarini Rossiya tarkibiga kiritishni qo‘llab-quvvatlagan. 

Bundan besh kun avval Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev ushbu hududlar «Rossiya tarkibiga qabul qilinganda» ular Rossiya qurolli kuchlari tomonidan himoya qilinishini va armiya «istalganidan» - Rossiya qurollari, shu jumladan strategik yadro qurollaridan foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid