Jahon | 14:28 / 28.09.2022
8395
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa ittifoqi Ukraina hududlaridagi «referendumlar»ni qoraladi

Yevropa ittifoqi rossiyaparast kuchlarning Ukrainada «noqonuniy «referendumlar» o‘tkazishini va ularning soxtalashtirilgan natijalarini qoralaydi. Bu haqda Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel ma’lum qildi.

Foto: RIA Novosti

«Bu - Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligining inson huquqlari muntazam ravishda buzilishi fonida yana bir poymol etilishi, - deb yozdi u Twitter’da. - Biz Rossiya bosqiniga qarshi turish va qarshilik ko‘rsatishda davom etayotgan ukrainaliklarning jasoratini olqishlaymiz».

O‘z navbatida, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar to‘g‘risida e’lon qildi. 

«Kanada bu psevdoreferendumlar natijalarini tan olmadi va hech qachon tan olmaydi», dedi u. Tryudo Kanadaning «Ukrainadagi qon to‘kilishi» va «davlat suverenitetiga putur yetkazishga urinish»ga aloqador shaxslarga qarshi sanksiyalar qo‘llash niyatini e’lon qildi. 

Bundan oldin Germaniya kansleri Ukrainaning egallab olingan hududlarida o‘tkazilgan «referendumlar» natijalari va Rossiyadagi safarbarlik haqida fikr bildirgandi.

Germaniya kansleri Olaf Shols 28 sentabr, chorshanba kuni Neue Osnabrücker Zeitung nashriga bergan intervyusida Ukrainaning Rossiya tomonidan egallab olingan hududlaridagi «ovoz berish» natijalari Germaniya uchun muhim emasligini aytdi.

«Biz bu xayoliy «referendumlar» natijalarini qabul qilmaymiz va Ukrainani cheksiz kuch bilan qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz», deb ta’kidladi Shols.

Putin e’lon qilgan safarbarlikni izohlar ekan, Shols bu qadamni Rossiya prezidentining navbatdagi xatosi deb atadi. «Putin xatolar ortidan xatoga yo‘l qo‘ymoqda. U o‘z qo‘shinlarini olib chiqib, so‘ng Kiyev bilan muzokaralarni boshlash orqali bu urushni darhol tugatishi mumkin edi», - deya tushuntirdi Shols.

Kansler safarbarlikni «ilojsizlik harakati va Rossiya qurolli kuchlarining Ukraina sharqidagi muvaffaqiyatsizliklariga qandaydir vahima munosabati» deb atadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid