Jahon | 09:40 / 29.09.2022
8310
3 daqiqa o‘qiladi

Merkel Putinning yadroviy tahdidlarini jiddiy qabul qilishga chaqirdi

Putinning so‘zlarini alahsirash deb hisoblagan holda e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak, dedi Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel. U bu yondashuvni zaiflik belgisi emas, balki siyosiy donolik deb atadi.

Foto: Picture Alliance

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukrainaga qarshi urushda yadro qurolidan foydalanish tahdidini e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak, deydi Germaniya sobiq kansleri Angela Merkel. «Siz uning so‘zlarini jiddiy qabul qilishingiz kerak, ularni boshidan e’tiborsiz qoldirmaslik kerak, ularni alahsirash deb hisoblamaslik lozim», dedi Merkel seshanba, 27 sentabr kuni Berlinda federal kansler Helmut Kol fondining ochilishida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday yondashuv «hech qanday holatda zaiflik yoki tinchlanish belgisi emas, balki siyosiy donolikdan dalolat beradi». Shu tariqa, G‘arb harakat maydonini saqlab qolishi va hatto uni kengaytirishi mumkin, deb hisoblaydi Angela Merkel.

U Rossiya bilan mojaroda sheriklarining roziligisiz qandaydir chora ko‘rishdan bosh tortayotgan hozirgi Germaniya hukumatining pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi. Merkelning so‘zlariga ko‘ra, agar Helmut Kol bugun Germaniya hukumati rahbari bo‘lganida, «Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish va tiklash uchun hamma narsani qilgan bo‘lardi». Ammo shu bilan birga, Kol hozirda tasavvur qilish qiyin bo‘lgan narsani, ya’ni kelajakda Rossiya bilan munosabatlar qanday bo‘lishi mumkinligini e’tibordan chetda qoldirmas edi va buni ittifoqchilar roziligisiz amalga oshirmagan bo‘lardi, dedi sobiq kansler.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy agressiyasi boshlanganidan keyin Angela Merkel 16 yil davomida boshqargan hukumatlarning Moskvaga nisbatan siyosati uchun bir necha bor tanqid qilingan. Hozirgacha Merkel, kamdan-kam istisno holatlardan tashqari, bu tajovuzni baholashdan o‘zini tiyib kelyapti.

Ukrainaga qilingan hujumdan so‘ng, Vladimir Putin, Rossiya hukumatining boshqa vakillari, shuningdek, targ‘ibotchilar RFga yadroviy hujum yoki ekzistensial tahdid bo‘lgan taqdirda, Rossiya yadro qurolidan foydalanishi mumkinligini bir necha bor ochiq aytdi. 21 sentabr kuni Putin safarbarlik boshlanishi munosabati bilan xalqqa qilgan murojaatida Rossiya hukumati o‘z hududlarini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyorligini aytdi va «bu hazil emas»ligini ta’kidladi.

Ertasi kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» va «LXR», shuningdek, Ukrainaning Xerson va Zaporijjya oblastlarining egallab olingan qismlari «Rossiya tarkibiga qabul qilinsa», ular Rossiya qurolli kuchlari tomonidan himoya qilinishi va armiya «har qanday rus qurolidan, shu jumladan strategik yadroviy quroldan» foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantirish bilan chiqdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid