Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniya «Shimoliy oqim»dagi sizib chiqishlarni tekshirishga yordam beradi
Germaniya kansleri Daniya va Shvetsiyani ShO quvurlaridagi avariyalar sabablarini tekshirishda Germaniya tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga ishontirdi. Shu bilan birga, u muhim infratuzilmani diversiyadan himoya qilishni kuchaytirishga va’da berdi.
Germaniya kansleri Olaf Shols Daniya va Shvetsiyaga «Shimoliy oqim» gaz quvurlarida sizib chiqish sabablarini aniqlashda yordam berishga va’da qildi. Bu haqda 30 sentabr, juma kuni kechqurun Germaniya hukumati matbuot kotibi Shteffen Hebeshtrayt Sholsning NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg hamda Daniya, Shvetsiya va Norvegiya hukumatlari rahbarlari bilan gaz quvurlariga yetkazilgan zarar bo‘yicha o‘tkazilgan videokonferensiyasidan so‘ng ma’lum qildi.
«Hozircha barcha dalillar quvurlarda qasddan qo‘poruvchilik akti sodir etilganidan dalolat beradi. Germaniya NATO va YeIdagi hamkorlari va ittifoqchilari bilan birgalikda xavfsizlik choralarini kuchaytiradi va muhim infratuzilmani qo‘poruvchilikdan himoya qiladi», - dedi u.
Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore o‘z mamlakati Fransiya, Germaniya va Britaniyaning yordam taklifini qabul qilganini aytdi. «Biz Norvegiya sektorida harbiy ishtirokni kuchaytirish maqsadida ittifoqchilarimiz bilan muzokaralar olib bormoqdamiz», dedi u. Shu bilan birga, Styore hozircha Norvegiyaning neft inshootlari tahdid ostida ekanligi haqida hech qanday alomat yo‘qligini ta’kidladi. Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan keyin Norvegiya Yevropaga eng muhim gaz yetkazib beruvchilardan biriga aylandi.
Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezerning aytishicha, federal politsiya tahdidlarning kuchayishi munosabati bilan dengizdagi ishtirokini kuchaytirish uchun barcha imkoniyatlardan foydalangan. «Biz hozirgi tahdidlarni jiddiy qabul qilamiz va o‘zimizni himoya qilamiz», dedi u Süddeutsche Zeitung gazetasiga.
Fezerning so‘zlariga ko‘ra, federal politsiya «muayyan tahdidli vaziyatlarga aralashish uchun maxsus imkoniyatlarga, jumladan ilg‘or politsiya vertolyotlari, yangi kemalar va maxsus kuchlarga ega». Vazirning ta’kidlashicha, parallel ravishda kiberxavfsizlikni kuchaytirish sohasida ham chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Ayni paytda, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya prezidenti Vladimir Putinning «Shimoliy oqim»dagi sizib chiqishlarda G‘arb mas’ul ekanligi haqidagi da’volarini keskin rad etdi. «Prezident Putinning biz yoki boshqa hamkorlar, ittifoqchilar javobgarlikni o‘z zimmasiga olishimiz haqidagi bema’ni da’vosi bo‘yicha aytadigan gapim yo‘q», dedi Blinken. U Moskvani «hayratlanarli darajadagi dezinformatsiya kampaniyasida» aybladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Putin «Shimoliy oqim»dagi portlashlar uchun «anglosakslar» mas’ul ekanini aytgan edi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi 28 sentabr kuni portlashlar ortida AQSh turgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. Oq uy ayblovni «kulgili» deb atadi.
«Shimoliy oqim»ning ikkita tarmog‘i va «Shimoliy oqim-2» bitta tarmog‘ida gaz sizib chiqishi 26 sentabr kuni ma’lum bo‘ldi. Yevropa ittifoqi rasmiylari quvurlar ataylab shikastlangan deb hisoblayapti. Hodisalar Germaniya, Daniya va Shvetsiyada tekshirilmoqda. Nemis razvedka idoralari bu g‘avvos yoki suvosti kemasi yordamida diversiya bo‘lganini taxmin qilmoqda. Ularning fikriga ko‘ra, gaz quvurlari tezda ta’mirlanmasa, butunlay ishdan chiqishi mumkin.
Mavzuga oid
10:00 / 10.06.2026
Germaniya Ukraina uchun yana 300 million yevro ajratadi
10:40 / 09.06.2026
Yevropaning yangi avlod jangovar samolyoti loyihasi to‘xtatildi
11:20 / 08.06.2026
O‘zbekiston fuqarolarini Germaniya mehnat bozoriga jalb etish kengaytiriladi
08:40 / 06.06.2026