Jahon | 08:47 / 03.10.2022
7352
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyadagi saylovlar: favoritlar o‘rtasida minimal farq saqlanib qolyapti

Braziliyaning sobiq va amaldagi prezidentlari prezidentlik saylovlarida ovozlarni sanab chiqish natijalariga ko‘ra deyarli tenglashdi. Luis Inasiu Lula da Silva va Jair Bolsonaru saylovlarning ikkinchi bosqichiga chiqdi.

Foto: Getty Images

Braziliyadagi prezidentlik saylovlarida sobiq davlat rahbari Luis Inasiu Lula da Silva o‘zining asosiy raqibi, amaldagi prezident Jair Bolsonaruni ortda qoldirib, kichik farq bilan oldinda bormoqda. 3 oktyabr, dushanbaga o‘tar kechasi Milliy saylov komissiyasi saytida e’lon qilingan ma’lumotlar shundan dalolat beradi – protokollarning 98,53 foizi ko‘rib chiqilgach, Lula da Silva 48,1 foiz, Bolsonaru esa 43,48 foiz ovoz to‘plamoqda.

Reuters xabariga ko‘ra, Lula da Silvaning Ishchilar partiyasi saylov komissiyalari ovoz berish natijalari to‘g‘risida sekinroq hisobot beradigan hududlarda ko‘proq qo‘llab-quvvatlanadi, shu sababli Bolsonaru boshida yetakchi bo‘lgan bo‘lsa-da, ovozlarni sanash vaqtida natija o‘zgardi.

Nomzodlarning hech biri 50 foizdan ortiq ovoz ololmagani uchun saylovning ikkinchi bosqichi 30 oktabr kuni bo‘lib o‘tadi. Ilgari, aksariyat ijtimoiy so‘rovlar Lula da Silvani 10-15 foiz punktda ustunlik qilganini ko‘rsatgan edi, biroq Bolsonaru mag‘lubiyatni tan olishdan bosh tortishi mumkinligini bildirgan.

Luis Inasiu Lula da Silva 2003-2010 yillarda Braziliya prezidenti bo‘lgan va juda mashhur edi. Keyinchalik u korrupsiyada ayblanib 12 yilga qamaldi, biroq Oliy sud hukmni bekor qilib, unga qayta saylanishga ruxsat berdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid