Iqtisodiyot | 14:45 / 05.10.2022
43471
3 daqiqa o‘qiladi

Jahon banki O‘zbekiston uchun iqtisodiy prognozini e’lon qildi

Jahon banki (JB) prognozlariga ko‘ra, O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot o‘sishi 2022 yilda 5,3 foizgacha sekinlashadi, 2023 yilda esa 4,9 foizni tashkil etadi. Rossiyaga qarshi sanksiyalar bilan bog‘liq logistika (ta’minot) qiyinchiliklarining kuchayishi xususiy iste’molning o‘sishini sekinlashtiradi.

Foto: AP

Shu bilan birga, xususiy investitsiyalar va eksportning barqaror o‘sishi kutilmoqda, joriy to‘lov balansi esa O‘zbekistonning jahon bozoridagi xomashyo yuqori narxlari (oltin, mis, tabiiy gaz) va migrantlar pul o‘tkazmalarining ko‘payishidan ko‘proq foyda olishda davom etishi natijasida yaxshilanishi kutilmoqda. 2022 yilda to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘sishi kutilmaydi va savdo taqchilligi birinchi navbatda davlat qarzlari hisobidan qoplanadi. 

Tovar eksporti tushumlarining oshishi va davlat investitsiyalarining sekin sarflanishi budjet taqchilligini 2021 yildagi YaIMning 6,2 foizidan 2022 yilda 4,4 foizgacha kamaytiradi. Shu bilan birga, taqchillik 2022 yilga mo‘ljallangan 3 foizlik budjetdan yuqori bo‘ladi, chunki davlatning ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash, ta’lim va infratuzilmani rivojlantirishga xarajatlari ko‘payadi. 

2023 yilga mo‘ljallangan fiskal konsolidatsiya oziq-ovqat narxlarining oshishi va Ukrainadagi urush oqibatlarini yumshatish munosabati bilan aholining manzilli ijtimoiy himoyasini kuchaytirish tufayli kechiktirilishi kutilmoqda. Iqtisodiyotning yuksalishi, aholini ijtimoiy himoya qilish dasturlarining kengayishi mamlakatda qashshoqlikni yanada kamaytiradi. Qashshoqlik darajasi 2023 yilda 14,5 foizga, 2024 yilda esa 12,2 foizga tushishi prognoz qilinmoqda. Biroq, kelgusi yillarda daromadlarni safarbar qilish va xarajatlar samaradorligini oshirish nuqtayi nazaridan davlat xarajatlarining konsolidatsiyasi yana kuchayishi kutilmoqda. 

Hukumat o‘zining qarz olish cheklovlariga rioya qilishda davom etishi kutilmoqda. Shunday qilib, davlat qarzi va umumiy tashqi qarz 2024 yil oxiriga kelib YaIMning mos ravishda 32 va 55 foizigacha bosqichma-bosqich kamayadi. 

Ushbu istiqbol uchun salbiy xavflar orasida Ukrainadagi uzoq davom etadigan urush va Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar, shuningdek, kutilganidan ham qattiqroq global moliyaviy sharoit mavjud. Iqtisodiy o‘zgarishlarning murakkab xalqaro muhit ta’sirida kuchayib borayotgan ushbu bosqichida islohotlarni amalga oshirishning sekinlashishi xavfi mavjud. 

Iqtisodiyot uchun potensial ijobiy tendensiyalar qatoriga oltin, tabiiy gaz va misga jahon narxlarining oshishi, shuningdek, hukumatning tarkibiy islohotlari natijasida tarmoqlar bo‘yicha natijalarning tezroq o‘sishi kiradi. 

Mavzuga oid