Jahon | 17:16 / 05.10.2022
12349
4 daqiqa o‘qiladi

Tadqiqot: Rossiyada 213 mingdan ortiq kishi safarbar qilindi

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu 300 ming kishini bosqichma-bosqich safarbar qilish va’dasiga qaramay, bu ko‘rsatkichga deyarli ikki hafta ichida erishilgan. 

Foto: Reuters

«Vajnyye istorii» nashri va Conflict Intelligence Team (CIT) tergov guruhi tahlilchilarining ochiq ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada ikki haftalik safarbarlik davrida 53 mintaqadan kamida 213,2 ming kishi chaqirildi. Tadqiqot chorshanba, 5 oktabr kuni chop etildi.

Safarbarlikka chaqirilganlarning umumiy soni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu ilgari e’lon qilganidan ko‘p bo‘lgan. Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, safarbarlik boshlanganidan beri Rossiya qurolli kuchlariga 200 mingdan ortiq odam kelgan. Ayni paytda, tadqiqotchilar hisoblagan 213 ming kishidan tashqari, 32 ta hududda chaqirilganlar soni haqida hech qanday ma’lumot yo‘q, deb yozadi «Vajnyye istorii». Hisoblash uchun ular mahalliy hokimiyatlarning rasmiy ma’lumotlaridan, OAV xabarlaridan va harbiy komissarlarning hisobotlaridan foydalangan.

Turli hududlarda safarbarlik jarayoni notekis ketyapti, deydi tadqiqotchilar. Eng yuqori ko‘rsatkich Krasnoyarsk o‘lkasida qayd etilgan bo‘lib, u yerda 28 ming kishi yoki mintaqadagi zaxiradagilarning deyarli 5,5 foizi urushga jo‘natilgan. Shu bilan birga, Sergey Shoygu safarbarlik «resurslarning bir foizi yoki 1,1 foiziga» ta’sir qilishini va’da qilgandi. 

O‘rtacha ko‘rsatkich Buryatiyada ham oshdi, bu yerda zaxiralarning 3,7 foizi, Dog‘istonda - 2,6 foiz va Qalmog‘istonda - 2,2 foizni tashkil etdi. «Biz chaqiriluvchi zaxiralar ulushi va mintaqaning qashshoqligi o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rmoqdamiz. Bunday hududlarda yaqinda xizmat qilgan shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilar ko‘p bo‘lishi kerak. Ko‘pincha bunday hududlarda armiya kamsonli ish beruvchilardan biri, shuningdek, ijtimoiy lift hisoblanadi», deya tushuntirdi CIT tahlilchilari. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, 26 ta hududdan 23 tasida, Shoygu tomonidan e’lon qilingan zaxiradagilar ulushidan ko‘proq odamlarning daromadi butun umumrossiya darajasidan past. 

Shu bilan birga, safarbarlik doirasida eng ko‘p zaxiradagilar urushga yuborilgan hududlar allaqachon urushdan eng ko‘p zarar ko‘rdi. Misol uchun, Ukrainada tasdiqlangan urush qurbonlari soni bo‘yicha Dog‘iston birinchi o‘rinda, Buryatiya esa ikkinchi o‘rinda. 

«Verstka» nashri prezident ma’muriyati va mintaqalar rahbariyatiga yaqin manbalarga tayanib, hududlarda safarbar etilganlarning foizi norozilik kayfiyatiga bog‘liqligini ta’kidladi: ular qanchalik baland bo‘lsa, mintaqadan urushga kamroq chaqiriladi. 

Safarbarlik boshlanishida Sergey Shoygu 300 ming kishi bosqichma-bosqich chaqirilishini aytgan edi, ikki hafta o‘tib esa 200 mingdan ortiq odam safarbar qilinganini da’vo qilmoqda, deb yozadi «Vajnyye istorii». CIT tahlilchilariga ko‘ra, rasmiylar va’da qilgan 300 ming kishi frontga yuborilganda ham safarbarlik to‘xtamaydi. 

«Biz ular bir vaqtning o‘zida 300 mingning hammasini chaqirishga harakat qilishayotganini ko‘rmoqdamiz. Ular uni bir nechta to‘lqinlar bo‘ylab cho‘zishi, sekin to‘ldirishi mumkin edi, lekin bunday bo‘lmadi. Birinchi to‘lqinda chaqirilganlar orasidagi yo‘qotishlarni qoplash uchun keyingi safarbarlik talab qilinishi mumkin», deydi tadqiqotchilar.

Tahlilchilar, ommaviy axborot vositalari tomonidan manbalarga tayanib aytilgan 1 mln kishilik safarbarlik, urush tugaguniga qadar rasmiylar chaqirishni rejalashtirayotganlar soni ekanini istisno qilmayapti. «Ehtimol, bu 300 ming hozir chaqirilar, qolganlari esa sekin-asta ishga solinadi, chunki yo‘qotishlar yuz beradi. Har holda, safarbarlik 300 ming bilan cheklanishiga ishonmaymiz», - deya xulosa qilgan CIT ekspertlari. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid