Jahon | 20:33 / 06.10.2022
3406
2 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko Belarusda narxlarni oshirishni taqiqladi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakatda narxlarning oshishini taqiqlash haqida topshiriq berdi.

Foto: BelTA

«Belta» agentligi xabariga ko‘ra, davlat rahbari bu haqda inflatsiyaga bag‘ishlangan iqtisodiy blok yig‘ilishida e’lon qildi.

«Narxlar juda ko‘tarilib ketdi. Shiftga borib tegmoqda. Endi hech qayerda narx oshishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. 6 oktyabrdan narxlarning har qanday oshishi taqiqlanadi. Ta-qiq-la-na-di! Bugundan boshlab. Ertaga emas, bugundan boshlab. Tag‘in bir kun ichida narxlar ko‘tarib qo‘yilmasin. Shu sababli, bugungi kundan boshlab taqiqlanadi. Xudo ko‘rsatmasin, hech kim buxgalteriyada qandaydir qayta hisob-kitobni amalga oshirmasin», dedi Lukashenko.

Vaziyatni nazorat qilish uchun ishchi guruh tuzilgan. Unga Davlat nazorati qo‘mitasi, kasaba uyushmalari, Belstat vakillari, shuningdek, deputat va senatorlar kirgan. Ular 20 oktyabrga qadar mamlakatda narxlarni tartibga solish usullarini ishlab chiqishi kerak.

Belarusda iyun oyidagi inflatsiya 17,6 foizni tashkil qilgan. May oyiga qaraganda iste’mol narxlari 1,1 foizga oshgani haqida mamlakat Milliy statistika qo‘mitasi xabar bergan edi. 

O‘tgan yili Belarusda inflatsiya darajasi 9,97 foiz bo‘lgan. Bu hukumat prognozidan ancha baland bo‘lib, 2016 yildan (10,6 foiz) beri eng yuqori darajaga yetgan.

2021 yilda Belarus hukumati inflatsiyani 5 foizdan oshirmaslikni, 2022 yilda 6 foiz darajasida ushlab turishni maqsad qilgan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid