O‘zbekiston | 18:52 / 06.10.2022
4686
3 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryo viloyatini rivojlantirish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi

Sayxunobod tumanida Sirdaryo viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Unda asosiy e’tibor ish joylarini ko‘paytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalariga qaratildi.

Sirdaryo viloyatida 35 ming nafar ishsiz, 42 ming nafar chet elga ishga ketganlar bor. Mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarni ham hisobga olib, 100 ming ish o‘rni yaratish zarur. Buning uchun paxta maydonlari qisqartirilib, bu yerlar aholiga bo‘lib berilishi qayd etildi.

Biroq, bu qisqarish o‘rnini hosildorlikni 2-3 baravar oshirish hisobidan qoplash, Paxtachilik kengashi va olimlar bilan ishlash zarurligi ta’kidlandi.

Oziq-ovqat yetishtiruvchi dehqonlarning krediti uchun qo‘shimcha 300 milliard so‘m ajratilmoqda. Endi dehqonlar 150 million so‘mgacha garovsiz kredit oladi. Bular kelgusi yilda Sirdaryo aholisi uchun 45 ming ish o‘rni yaratishga zamin bo‘ladi.

Shuningdek, 5 ming gektar ekin maydonida sug‘orish tizimini yaxshilashga budjetdan 40 milliard so‘m ajratiladi.

Hududda oziq-ovqat mahsulotlari, chorva va parranda yetishtirish uchun juda katta imkoniyatlar bor. Shu bois kelgusi yilda 1 trillion so‘mlik parrandachilik loyihalarini amalga oshirish, go‘sht va tuxum mahsulotlari hajmini 2 baravar oshirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Viloyatda 1,7 milliard dollarlik 858 ta investitsiya loyihalari hisobiga 20 ming ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

«Har kuni qaysidir masalaning ichiga kirib, qiyin bo‘lsa ham mablag‘ini topib, qaror qilib beryapmiz. Bugun yana kim masala qo‘ysa, uni ham yechib beraman. Qaysi hokim hisob-kitob bilan aniq reja qo‘yib, ishlarni tizimli yo‘lga qo‘ysa, albatta natija bo‘ladi», - dedi davlat rahbari.

Yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosarlari ish o‘rinlarini tashkil etish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ijtimoiy sohani yaxshilash rejalari yuzasidan axborot berdi.

 

Mavzuga oid