Jahon | 09:12 / 08.10.2022
9370
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada 95 mingta infratuzilma obekti vayron bo‘ldi

Ukrainadagi 225 kunlik urush davomida 94 596 ta infratuzilma obekti, shu jumladan 74 000 ta turar joy binolari vayron bo‘lgan. 

Foto: AFP

Aksariyat obektlar Kiyev (25 mingdan ortiq), Donetsk (20 mingdan ortiq) va Xarkiv oblastlarida (9 mingdan ortiq) vayron qilingan. Bu haqda Varshavada bo‘lib o‘tgan «Urush davridagi Ukraina. Iqtisodiyot. Xavfsizlik. Energetika. Tiklanish istiqbollari» konferensiyasida mamlakat prezidenti devoni rahbari o‘rinbosari Kirilo Timoshenko ma’lum qildi.

Timoshenkoning so‘zlariga ko‘ra, hozirda budjet hisobidan 11 mingdan ortiq obektni tiklash boshlandi - bu vayron qilingan obektlarning atigi 13 foizini tashkil etadi, chunki Ukrainada moliyaviy resurslar juda kam. 

Xorijiy hukumatlar, idoralar va xalqaro tashkilotlardan moliyaviy yordam jalb qilish uchun Ukrainani qayta tiklash jamg‘armasi tuziladi, dedi Timoshenko. 

«Biz jamg‘arma faoliyati to‘liq ishga tushirilishi joriy yilning noyabr oyi oxiri – dekabr oyi boshida amalga oshirilishini rejalashtirganmiz», — deb xabar qildi u.

Bundan oldin Chexiya poytaxti Pragada Yevropaning 44 davlati davlat va hukumat rahbarlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi qurolli tajovuzini muhokama qilish uchun yig‘ilgandi. 

Yangi Yevropa siyosiy hamjamiyatining maqsadi - barqarorlik, xavfsizlik va tinchlikni mustahkamlashdan iborat, dedi YeI kengashi raisi Sharl Mishel. Yangi muzokaralar formati tashabbuskori Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Pragadagi sammit Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchun Yevropaning «birligi belgisi» bo‘lishiga umid bildirdi.

Forum tashkilotchisi - Chexiya bosh vaziri Petr Fiala sammit ochilishidagi nutqida 1968 yil Praga bahori voqealarini esladi, o‘shanda Moskva tanklar yordamida «erkinlikni kengaytirish umidlarini yo‘q qilgan». «Yomonlikning ko‘ziga qarash qiyin, lekin haqiqat g‘alaba qozonadi. Ukraina g‘alaba qozonishini hammamiz qalbimiz tubida bilamiz, chunki haqiqat uning tomonida», - dedi Fiala.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid