Rossiya Ukraina shaharlariga o‘nlab raketalar yog‘dirdi. Suratlar
RF mudofaa vazirligi «harbiy qo‘mondonlik, aloqa va energetika obektlari» nishonga olinganini ma’lum qildi. Putin «yuqori aniqlikdagi qurollar bilan yoppasiga zarba berilgani»ni aytdi. Ammo raketalar biznes-markazlar, xiyobonlar, aholi turar joylari va jamoat transporti bekatlariga kelib tushgan.
10 oktyabr tongida Ukrainaning butun hududida shaharlar bo‘ylab raketa zarbalari yo‘llandi. Rossiya armiyasi Kiyev, Dnepr, Zaporijjya, Odessa, Lviv, Sumi, Kriviy Rih shaharlariga zarba berdi — bu shaharlarning ko‘pchiligida bir necha oydan buyon havo hujumlari kuzatilmagandi. Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabiga ko‘ra, Rossiya harbiylari Ukraina shaharlari bo‘ylab 80 dan ortiq raketa uchirgan, shundan yarmi havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali tutib qolingan. Ukraina politsiyasiga ko‘ra, zarbalar oqibatida jami 11 kishi halok bo‘lgan, 64 kishi yaralangan.
Rossiya prezidenti Volodimir Putin bu «Kiyev rejimi jinoyatlariga javob» ekanini aytdi va RF hududida «teraktlar davom etgan taqdirda» «qat’iy» javob qaytarilishini va’da qildi. RF mudofaa vazirligi «harbiy qo‘mondonlik, aloqa va energetika obektlari» nishonga olinganini ma’lum qildi.
Bu zarbalar Qrim ko‘prigida portlash ro‘y berib, Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlariga yangi qo‘mondon etib fuqarolik infratuzilmalarini yoppasiga o‘qqa tutish tarafdori hisoblangan Sergey Surovikin tayinlanishidan ikki kun o‘tib amalga oshirildi.
Kiyev
- Shevchenkovskiy va Solomenskiy rayonlaridagi obektlar;
- muhim infratuzilma obektlari (shahar meri Vitaliy Klichkoning so‘zlaridan ular aynan qayerda joylashilgani anglashilmagan), jumladan shahar markazidagi suv o‘tkazish tarmog‘i;
- «101 Tower» biznes-markazi binosi, bu yerda Germaniya elchixonasining viza bo‘limi ham joylashgan;
- «Vladimirskaya gorka» parkini Xalqlar do‘stligi arkasi bilan bog‘laydigan piyodalar va velosiped ko‘prigi; uni «Klichko ko‘prigi» deb ham atashadi;
- markaziy temiryo‘l vokzali hududi, vokzal binosi derazalari to‘kilib ketgan;
- Taras Shevchenko bulvari va Vladimirskoy ko‘chasi kesishmasi: bir necha avtomobil yonib ketgan, atrofdagi uylarning oynalari to‘kilgan;
- Taras Shevchenko nomidagi bog‘; snaryad bolalar maydoni yaqiniga tushgan.
Qurbonlar
Besh kishi halok bo‘ldi, 50 dan ortiq kishi yaralandi.
Kiyev oblasti
- oblastning uy rayonida muhim infratuzilma obektlariga zarbalar, jumladan bir IES;
- Obuxovskoye qishlog‘i va Vishgorod rayonida aholi uylari shikastlangan;
- Brovari rayonida fuqarolik infratuzilmasi shikastlangan.
Qurbonlar
To‘qqiz kishi jabrlangan, xarobalar ostida odamlar qolgan bo‘lishi mumkin.
Dnepropetrovsk oblasti
- muhim infratuzilma obektlari, aholi yashash kvartallari, jamoat transporti bekatlari, avtomobillar;
- Dneprda raketalardan biri yo‘l ustiga tushgan, natijada avtobus shikastlangan.
Qurbonlar
Kamida to‘rt kishi halok bo‘lgan, 19 kishi yaralangan.
Poltava oblasti
- Kremenchuk rayonida energetika obektlari.
Ivano-Frankivsk oblasti
- muhim infratuzilma obektlari, jumladan Burshtinskiy IES hududi.
Lviv oblasti
- muhim infratuzilma obektlari, jumladan Lvivda, shahar IES faoliyati to‘xtatilgan.
Sumi oblasti
- Konotopdagi muhim infratuzilma obektlari.
Qurbonlar
Yaralanganlar bor, ularning soni aniqlashtirilmoqda.
Xmelnitskiy oblasti
- Xmelnitsiydagi muhim infratuzilma obektlari, atrofdagi uylarning derazalari to‘kilgan.
Xarkiv oblasti
- Xarkiv shahri va oblastdagi energetika obektlari va boshqa muhim infratuzilmalar.
Jitomir oblasti
- muhim infratuzilma obektlari.
Kiyev
Zaporijjya
Dnepr
Slovyansk
Lviv
Xarkiv
Mavzuga oid
13:30
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
23:26 / 09.11.2024
“G‘arbning geosiyosiy ochko‘zligi kelishmovchiliklar bosh sababi” – Putinning “Valday”dagi chiqishi
17:00 / 09.11.2024
The Telegraph: Tramp rejasi Britaniya qo‘shinlarini Ukraina chegarasiga joylashtirishni nazarda tutadi
11:08 / 09.11.2024