Jahon | 08:34 / 11.10.2022
22149
2 daqiqa o‘qiladi

Milliarder Yuriy Milner Rossiya fuqaroligidan voz kechdi

Tadbirkor Yuriy Milner Rossiyani 2014 yilda, Qrim annexia qilinganidan keyin tark etgan. 1999 yildan beri DST Global asoschisi Isroil fuqarosi hisoblanadi.

Foto: Getty Images

DST Global venchur fondi asoschisi Yuriy Milner hamda uning oila a’zolari Rossiya fuqaroligidan voz kechdi. Bu haqda milliarderning o‘zi 10 oktyabr, dushanba kuni Twitter mikroblogida ma’lum qildi.

Milnerning so‘zlariga ko‘ra, u 2014 yilda, Rossiya Ukrainaning Qrim yarimorolini anneksiya qilganidan keyin «Rossiyani abadiy tark etgan». U 2022 yilning yozida Rossiya fuqaroligidan chiqish jarayonini yakunlashga muvaffaq bo‘ldi.

Ilm-fan va texnologiya sohasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi Milner, Forbes jurnaliga ko‘ra, 7,3 milliard dollar (7,5 milliard yevro) boylikka ega. 1999 yilda tadbirkor Isroil fuqaroligini oldi va bir necha yil shu mamlakatda yashadi, shundan so‘ng u AQShga ko‘chib o‘tdi, deb eslatadi nashr.

Iyun oyida yana bir milliarder, Freedom Finance investitsiya kompaniyasi asoschisi Timur Turlov (2,4 mlrd dollar) Rossiya fuqaroligidan chiqishini e’lon qildi. U Qozog‘iston fuqaroligini oldi, o‘sha paytda u Qozog‘istonda 10 yildan ortiq yashab kelayotgandi.

1 sentabr kuni «Troyka Dialog» sarmoya kompaniyasining sobiq egasi va Skolkovo maktabi hammuassisi, milliarder Ruben Vardanyan (1 mlrd dollar) ham Rossiya fuqaroligidan voz kechish va Armaniston fuqarosi maqomida tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ga ko‘chib o‘tish haqida gapirdi.

Mavzuga oid