O‘zbekiston | 16:03 / 11.10.2022
18976
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zMUda yo‘qolgan nodir kitoblar ishi bo‘yicha sud hukmi o‘qildi

2019 yildagi ta’mirlash ishlaridan so‘ng O‘zbekiston Milliy universitetining nodir qo‘lyozmalar saqlanadigan muzeyi faoliyati tiklanmagan. 2021 yil dekabriga qadar u yerdagi 100dan ortiq  qimmatbaho va o‘ta nodir kitoblar yo‘qolgan – jami zarar 2,6 milliard so‘m deb baholangan.

Foto: KUN.UZ

10 oktabr kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudida O‘zbekiston Milliy universitetidan yo‘qolgan nodir kitoblarga doir sud ishi ko‘rib chiqilib, hukm o‘qildi.

Ma’lum qilinishicha, muzokaralar chog‘ida prokuror suddan sudlanuvchini 6 yil-u, 2 oy muddatga ozodlik mahrum qilib, 2,6 milliard so‘m yetkazilgan zararni undirishni so‘ragan. Sudlanuvchi, O‘zMU Axborot resurs markazi direktori I.K. tergovda unga qo‘yilgan ayblovlar o‘z isbotini topmaganini va kitoblarni u o‘g‘irlamaganini ta’kidlagan.

2 soatdan oshiq davom etgan muzokaralardan so‘ng sud hukmi o‘qildi. Unga ko‘ra, sudlanuvchiga uzil-kesil 2 yil mansabdorlik va moddiy-javobgarlik beruvchi lavozimlarda ishlashni taqiqlash hamda 5 yil-u 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sudlanuvchi I.K., uning yaqinlari va advokati hukmdan norozi ekanini hamda apellyatsiya shikoyatini berishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yildagi ta’mirlash ishlaridan so‘ng O‘zbekiston Milliy universitetining nodir qo‘lyozmalar saqlanadigan muzeyi faoliyati tiklanmagan. 2021 yil 23 dekabr kuni Kun.uz u yerdagi qimmatbaho va o‘ta nodir hisoblangan 100dan ortiq kitoblar sotib yuborilgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Xabardan bir kun o‘tib, holatni Bosh prokuratura o‘rgana boshladi. Dastlab vaziyatga izoh berishdan qochib yurgan O‘zMU rektorati OAVlarga boshqa kitoblarni ko‘rsatib, ular yo‘qolmaganiga ishontirmoqchi bo‘ldi.

2022 yil 21 fevral kuni prokuratura organlari o‘rganish ishlarini yakunladi. Tekshirish davomida O‘zMU Axborot-resurs markazi fondida saqlangan XII-XIX asrlarga oid qiymati 2,6 mlrd so‘mlik tarixiy va badiiy ahamiyatga ega 56 dona qo‘lyozma va 6 dona toshbosma asarlar talon-toroj qilingani va boshqa jiddiy qonunbuzilish holatlari aniqlandi va mansabdorlarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Dastlabki sud jarayonlari joriy yilning 26 avgust kuni boshlangan va unda tergov ham davom etayotgani sababli jarayonlarni tasvirga olishga ruxsat berilmagan edi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati jinoyat ishi bo‘yicha hujjatli taftish va boshqa tergov harakatlari yakuniga ko‘ra, boshqa markaz xodimlarining harakatlariga ham huquqiy baho berilishini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid