08:36 / 13.10.2022
9334

Shimoliy Koreya uzoq masofali ikkita qanotli raketani sinovdan o‘tkazdi

Raketalarni uchirishga Kim Chen In boshchilik qildi. Pxenyanning ta’kidlashicha, sinovlardan maqsad - «yadroviy jangovar kuchlarning reaksiya bildirish darajasini oshirish»ni sinab ko‘rish.

Shimoliy Koreya 12 oktyabr, chorshanba kuni qator raketa sinovlarini davom ettirdi. Ikkita uzoq masofaga uchuvchi qanotli raketalarning uchirilishiga Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In boshchilik qildi va ularning natijalaridan mamnun bo‘ldi, deya xabar beradi Koreya markaziy axborot agentligi (KMAA). Pxenyanning ta’kidlashicha, sinovlardan maqsad - «yadroviy jangovar kuchlarning reaksiya bildirish darajasini oshirish» bo‘lgan.

Janubiy Pyongan provinsiyasidan Sariq dengiz tomon uchirilgan raketalar 2000 kilometr masofani 10 234 soniyada (3 soatdan sal kamroq) bosib o‘tdi va nishonga aniq tegdi, deya qayd etadi KMAA. U nishon nimadan iborat bo‘lganini aniqlashtirmagan. Ayni paytda g‘arb ekspertlari bu raketalar yadroviy kallaklarni olib yurishga qodirligiga shubha qilmoqda, deb yozadi dpa.

Pxenyan tomonidan o‘tkaziladigan bunday sinovlarni diqqat bilan kuzatuvchi Janubiy Koreya, Yaponiya va AQSh tomonidan yangi raketalar uchirilgani ro‘yxatga olinganmi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum. Shimoliy Koreyaning qanotli raketalari, odatda, ballistik raketalarga qaraganda kamroq qiziqish uyg‘otadi, chunki ular BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarida aniq taqiqlanmagan, deb ta’kidlaydi Reuters.

Shimoliy Koreya sentabr oyi oxiridan beri raketa sinovlarini tez-tez o‘tkazyapti. Oktyabr oyi boshida KXDR tomonidan uchirilgan ballistik raketa besh yil ichida birinchi marta Yaponiya arxipelagi ustidan uchib o‘tgandi, bu Tokio, Seul va jahon hamjamiyati boshqa vakillarining noroziligiga sabab bo‘ldi.

Bunga javoban AQSh va Janubiy Koreya yer-yer sinfidagi raketalarni ikki marotaba sinovdan o‘tkazdi. «Yonhap» agentligining Janubiy Koreya Bosh shtabiga tayanib xabar berishicha, Amerika va Janubiy Koreyaning ATACMS raketalari Yapon dengizi tomon yo‘naltirilgan. Ayni vaqtda, Seul tomonidan otilgan raketalardan biri harbiy baza hududiga tushgan.

Mavzuga oid
Top