16:38 / 14.10.2022
16031

Moskva va Sankt-Peterburgda chaqiruv qog‘ozlari ommaviy ravishda topshirilyapti

14 oktyabr kuni ertalab Rossiya poytaxti va Sankt-Peterburgda erkaklar «hujjatlarni tekshirish» uchun qo‘lga olinib, ularga harbiy xizmatga chaqiruv qog‘ozi topshirilyapti.

Foto: TASS

Moskva va Sankt-Peterburg aholisi 14 oktyabr, juma kuni ertalabdan boshlab erkaklar ommaviy qo‘lga olinayotgani va ularga harbiy komissarlikka kelish bo‘yicha chaqiruv qog‘ozlari berilayotgani haqida xabar qilyapti. Bu haqda mahalliy SOTA, Baza, Avtozak LIVE axborot kanallari yozmoqda.

Sankt-Peterburgda politsiya xodimlari va fuqarolik kiyimidagi odamlar shaharning Kalininskiy tumanidagi «Kalina park» va «Polyustrovo park» turar joy majmualarida, shuningdek, Voroshilov ko‘chasida hamda Nevskiy tumanidagi «Ladojskiy park» turar joy majmuasida erkaklarni to‘xtatgan.

«Bizning turar joy majmuamizda reyd o‘tkazildi, politsiya, yo‘l-patrul xizmati xodimlari, fuqarolik kiyimidagi shaxslar. O‘tkinchilar, mashinalar to‘xtatilmoqda, uylarga kirib-chiqishyapti», degan «Ladojskiy park»dagi kvartiraning egasi «Fontanka» gazetasiga. Kalininskiy tumani ma’muriyati nashrga chaqiruv qog‘ozlari «ma’lumotlarga aniqlik kiritish uchun» ommaviy ravishda tarqatilgani va yopishtirilganini, politsiya harbiy komissarlik va mansabdor shaxslarga «yordam ko‘rsatganini» bildirdi. Mintaqaviy IIV Bosh boshqarmasi matbuot xizmatining ta’kidlashicha, politsiya xodimlari chaqiruv qog‘ozini topshirmagan, faqat jamoat tartibini qo‘riqlagan. 

Moskvada politsiya va harbiy komissarlar «Galaktika» savdo markazi va kamida 13 ta metro bekati tashqarisida harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni qidirish bilan ovora. 

«O‘rtoq boshliqlar, sizlar qonunbuzarlik qilib, jamiyatda sodir bo‘layotgan har bir voqeaga nisbatan dushmanlik kayfiyatini uyg‘otayotganingizni tushunyapsizmi? Bunday xatti-harakatlardan ukrtarg‘ibotdan ko‘ra ko‘proq zarar bor. «Reydlar» haqidagi xabarlarni soxta deb o‘yladim, lekin menga shaxsan o‘zim bilgan va to‘liq ishongan odamlar aytishdi», — deb yozgan Inson huquqlari bo‘yicha kengash (IHK) a’zosi Kirill Kabanov Telegram-kanalida. U IHK rahbari Valeriy Fadeyevdan prokuraturaga murojaat qilishni so‘ramoqchi. Senator Andrey Klishas Kabanovga «har bitta shunday signal tekshirilishi kerak, agar tasdiqlansa, bunday reydlarga ruxsat bergan mansabdor shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berilishi kerak», deb javob qaytardi. 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 21 sentabr kuni «qisman safarbarlik» e’lon qilib, «ayrim toifadagi fuqarolar»dan 300 ming kishini chaqiriqqa jalb qilishga va’da berdi. Aslida, safarbarlik ommaviy bo‘lib chiqdi va ko‘plab qonunbuzarliklar bilan amalga oshirilmoqda. Ko‘p odamlar undan qochishga harakat qilishyapti. Jurnalistlarning ma’lumotlariga ko‘ra, dastlabki ikki haftaning o‘zida 53 ta mintaqadan 200 mingdan ortiq kishi frontga jo‘natilgan. Rossiya hukumati Ukrainada safarbar qilingan besh kishi allaqachon halok bo‘lganini tan oldi. Yig‘in punktlarida 20 ga yaqin odam hayotdan ko‘z yumdi. 

Mavzu
Rossiyada safarbarlik
21 sentabr kuni Putin Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qildi. Ukrainadagi urush uchun yana kamida 300 ming kishi jalb etiladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top