Jahon | 10:12 / 15.10.2022
10323
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainaga yana 725 mln dollarlik harbiy yordam ajratdi

Yangi paketning bir qismi sifatida Ukraina HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari (YaO‘RT) uchun qo‘shimcha snaryadlar, 23 000 ta artilleriya snaryadlari, 500 ta yuqori aniqlikdagi artilleriya snaryadlari va boshqalarni oladi.

Foto: Getty Images

Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga yangi 725 million dollarlik harbiy yordam paketini taqdim etadi. Bu haqda 14 oktyabr, juma kuni AQSh Mudofaa vazirligi xabar berdi. Avvalroq tegishli memorandumni prezident Jo Bayden imzolagan edi.

Ushbu paketning bir qismi sifatida Ukraina qo‘shimcha HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari (YaO‘RT) , 23 000 artilleriya o‘q-dorilari, 500 ta yuqori aniqlikdagi artilleriya snaryadlari, 5000 RAAM masofaviy tankka qarshi mina tizimlari, 5000 tankka qarshi qurollar, 200 dan ortiq Humvee armiya yuk mashinalari, HARM yuqori tezlikdagi radarga qarshi raketalari, o‘qotar qurollar va ular uchun 2 milliondan ortiq o‘q-dorilar, shuningdek, tibbiy buyumlar oladi, deb aniqlik kiritdi Pentagon.

«Ukrainaning jang maydonidagi o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun Qo‘shma Shtatlar o‘z ittifoqchilari va hamkorlari bilan Ukrainani asosiy imkoniyatlar bilan ta’minlashda davom etadi», — deya ta’kidlab o‘tdi AQSh Mudofaa vazirligi.

Pentagon Germaniya tomonidan IRIS-T havo hujumidan mudofaa tizimlari Kiyevga topshirilgani, Ispaniya havo hujumidan mudofaani kuchaytirish uchun to‘rtta HAWK uchirish qurilmasi berishini, shuningdek Norvegiya, Germaniya va Daniyaning Slovakiyada gaubitsalar ishlab chiqarishga investitsiyalarini qayd etdi.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzi boshlanganidan beri Qo‘shma Shtatlar Kiyevga 17,6 milliard dollarga yaqin harbiy yordam ajratdi, deya ma’lum qildi Pentagon. Joriy yetkazib berish Amerika havo hujumidan mudofaa tizimlarini o‘z ichiga olmaydi, chunki paket Ukrainaning qarshi hujumini qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan, deya ta’kidlaydi Reuters.

Mavzuga oid