Jahon | 10:58 / 17.10.2022
8016
3 daqiqa o‘qiladi

Kiyevga dron-kamikadzelar yordamida hujum amalga oshirildi

Rossiya kuchlari Kiyevga dron-kamikadzelar bilan hujum qildi, deb xabar bermoqda Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak. 

Foto: theaustralian

«Ruslar bu ularga yordam beradi deb o‘ylayapti, ammo bunday harakatlar o‘lim talvasasiga o‘xshaydi. Bizga havo hujumidan mudofaa tizimlari ko‘proq va imkon qadar tezroq kerak. Sekin harakatlarga vaqtimiz yo‘q», - deb yozdi u Telegram’da. 

Shahar meri Vitaliy Klichko ham Kiyevga dron-kamikadzelar tomonidan hujum qilingani to‘g‘risida ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, natijada Kiyevning Shevchenko tumanida noturar joy yonib ketgan va bir nechta turar joy binolari zarar ko‘rgan.

Ukraina poytaxti meri Vitaliy Klichko erta tongda Kiyevning Shevchenko tumanida bir necha portlashlar yuz bergani haqida xabar qildi. «Havo trevogasi e’lon qilindi. Boshpanalarda qoling!» - deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida. 

Kecha tunda Rossiya kuchlari Dnepropetrovsk oblastiga raketalar, «Grad»lar va og‘ir artilleriya bilan bir necha bor hujum uyushtirdi, deb xabar berdi oblast ma’muriyati rahbari Valentin Reznichenko Telegram’da. 

Unga ko‘ra, Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari Rossiyaning uchta raketasini yo‘q qilgan. «Bitta raketa energetika infratuzilmasi obektiga tegdi. U yerda kuchli yong‘in kuzatildi. Barcha xizmatlar voqea joyida ishlamoqda», - dedi u. 

Reznichenkoning so‘zlariga ko‘ra, Nikopol tumaniga «Gradlar»dan 30 dan ortiq snaryadlar va og‘ir artilleriya kelib tushgan, Marganets va Krasnogrigorevsk hududlarida uylarga zarar yetgan, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, odamlar jabrlanmagan. 

Bundan oldin Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Rossiyaning Xersondagi okkupatsion ma’muriyati Xerson oblastining bosib olingan qismidan annexia qilingan Qrimga «davlat muassasalarini» evakuatsiya qilishni boshlagani haqida xabar bergandi.

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Xersondan asosan banklar va pensiya jamg‘armasi xodimlari va mol-mulki olib chiqib ketilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid