Jahon | 13:42 / 17.10.2022
11204
2 daqiqa o‘qiladi

NATO yadro qurolidan himoyalanish bo‘yicha mashqlar boshlayapti

Ikki haftalik «Mustahkam kun» manyovrlari odatiy hodisa bo‘lib, Rossiyaning yadroviy tahdidlari bilan bog‘liq emas, deya ta’kidlaydi NATO.

Foto: AFP

NATO har yili alyansning Yevropa hududini yadro qurolidan foydalanish oqibatlaridan himoya qilish uchun mashg‘ulotlar o‘tkazadi. 17 oktyabr, dushanba kuni boshlangan va keyingi ikki hafta ichida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi «Mustahkam kun» («Steadfast Noon») manyovrlarida 60 tagacha samolyot ishtirok etmoqda. Ular orasida zamonaviy qiruvchi samolyotlar, razvedka va yonilg‘i quyish samolyotlari, shuningdek, uzoq masofaga uchuvchi B-52 bombardimonchi samolyotlari bor. 

Mashqlar o‘tkaziladigan joylarga Belgiya va Britaniya havo hududi, shuningdek, Shimoliy dengiz aylanadi. Ishtirokchilar orasida Bundesver ham bor. NATO mashg‘ulotlar ssenariysi va tafsilotlari haqida hech qanday ma’lumot bermayapti.

Shu bilan birga, NATO mashg‘ulotlar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga reaksiya emasligini ta’kidlamoqda. «30 oktyabrga qadar davom etadigan manyovrlar xalqaro kun tartibidagi dolzarb voqealar bilan bog‘liq bo‘lmagan muntazam, takroriy mashg‘ulotlardir», deya ma’lum qildi Shimoliy Atlantika alyansi 14 oktyabr kuni. NATO matbuot kotibi Oana Lungeskuning so‘zlariga ko‘ra, ular alyansning yadroviy tiyib turish samaradorligi va xavfsizligiga hissa qo‘shadi.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan so‘ng, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, hukumat amaldorlari va targ‘ibotchilar Rossiya yadro qurolidan foydalanishi mumkinligini bir necha bor ochiq aytdi. Xususan, 21 sentabr kuni Putin safarbarlik boshlanishi munosabati bilan xalqqa qilgan murojaatida Rossiya hukumati o‘z hududlarini himoya qilish uchun «ixtiyoridagi barcha vositalarni» ishga solishga tayyorligini aytib, «bu hazil emasligini» ta’kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid