20:44 / 20.10.2022
15035

Boris Jonson yana Britaniya bosh vaziri bo‘lishi mumkin 

Sentabr oyida Britaniya bosh vaziri lavozimini tark etgan Boris Jonson yana ushbu lavozim uchun saylovda ishtirok etmoqchi. Siyosatchi buni «milliy manfaat» masalasi deb hisoblayapti. 

Foto: Getty Images

Sobiq bosh vazir Boris Jonson hamkasbi Liz Trass iste’foga chiqqanidan so‘ng, yana bosh vazirlikka nomzodini qo‘yishi kutilmoqda, deb yozdi The Times. 

Jonson buni «milliy manfaat» masalasi deb hisoblayapti. Sobiq bosh vazir imkoniyatlarini chamalamoqda, lekin Konservativ partiyani «o‘zgartirishi» mumkinligiga ishonmoqda. 

Trass 20 oktabr kuni iste’foga chiqishini e’lon qildi, u bosh vazir lavozimida 45 kun ishladi xolos. U voris saylanmaguncha o‘z vazifalarini bajarishda davom etadi. Trass iqtisodiy siyosatdagi xatolar tufayli iste’foga chiqdi. So‘nggi haftada uning idorasini moliya vaziri Kvazi Kvarteng va ichki ishlar vaziri Suella Braverman tark etdi. 

Jonson iyul oyi boshida iste’foga chiqishini e’lon qilgan edi. O‘sha paytda Konservativ partiyaning Jamoatlar palatasidagi bosh tashkilotchisi o‘rinbosari Kris Pincher bilan yuzaga kelgan mojaro ortidan Britaniya hukumatining o‘nlab amaldorlari iste’fo berdi. Pincher Londondagi konservatorlarning sara klubida mast holda janjallashib, ikki erkakka tegajog‘lik qilgan. Bu voqea oshkor bo‘lgach, uzr so‘rab, iste’foga chiqdi. Pincherni yuqori lavozimga tayinlagan Jonson unga nisbatan tegajog‘lik masalasida parlament tekshiruvi o‘tkazilayotganini bilgan. 

Jonson 2019 yil iyul oyida Britaniya bosh vaziri bo‘lgan edi. Bundan oldin xuddi Trass kabi Tashqi ishlar vazirligi rahbari, shuningdek, London meri sifatida ishlagan. 

Top