O‘zbekiston | 12:15 / 20.10.2022
7212
2 daqiqa o‘qiladi

Parijda O‘zbekistonning noyob xalq amaliy san’ati asarlari ko‘rgazmasi ochiladi

23 noyabr kuni Parijdagi Arab dunyosi institutida O‘zbekistonning XIX asr o‘rtasidan XX asr boshigacha bo‘lgan davri mobaynida yaratilgan noyob xalq amaliy san’ati asarlarini namoyish etuvchi ko‘rgazma ochiladi.

Bu haqda Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva xabar berdi.

Fransiyada ilk bor xalqaro jamoatchilik diqqat-eʼtiboriga yurtimizning 9 ta yirik muzeyidan 300 dan ortiq ashyolar, jumladan, to‘qimachilik, liboslar, poyabzal, bosh kiyimlar, zargarlik buyumlaridan iborat sara to‘plamlar, shuningdek, Nukus, Samarqand va Buxoroning eng yirik muzeylaridan Turkiston va rus avangardiga taalluqli 24 ta mo‘yqalam asarlari taqdim etiladi.

Ko‘rgazma Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi va Arab dunyosi instituti hamkorligida tashkil etiladi. Ko‘rgazma Bosh kuratori Yaffa Assulin hisoblanadi.

«Aminmanki, ushbu yirik loyiha O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi madaniyatlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi, tashrif buyuruvchilar uchun esa mintaqaga xos amaliy va tasviriy san’atning betakror yutuqlarini kashf ettiradi», deb yozdi Saida Mirziyoyeva.

Ko‘rgazma 2023 yil yoziga qadar davom etadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid