O‘zbekiston | 12:05 / 21.10.2022
6609
4 daqiqa o‘qiladi

Ko‘chma savdo faoliyati uchun talablar soddalashtirilyapti

Vazirlar Mahkamasining «Ko‘chma savdo faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini yanada keng joriy etish hamda savdo avtomati orqali chakana savdo faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qarori qabul qilindi.

Endilikda davlat organlari va tashkilotlariga, obodonlashtirish va yo‘l tashkilotlariga, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlariga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilgan hamda vaqtincha foydalanilmayotgan yer uchastkalari, tuman (shahar) zaxirasidagi yer uchastkalari K-SAVDO tizimi orqali E-auksion elektron savdo platformasida ko‘chma savdo obektini joylashtirish uchun tadbirkorlarga elektron onlayn-auksion orqali 3 yilgacha (yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlashda foydalaniladigan yengil konstruksiyali ko‘chma muzlatgichlar uchun ko‘pi bilan 10 yilgacha), mavsumiy kafelarni o‘rnatish uchun ijaraga berilishi mumkin.

Ko‘chma savdo obektlari toifasiga 100 kvadrat metr maydondan ko‘p bo‘lmagan lotoklar, palatkalar, savdo aravalari, peshtaxtalar, avtodo‘konlar, avtotirkamalar, avtosisternalar, fudtraklar, tonarlar, savdo avtomatlari, mobil konteynerlar, yengil konstruksiyalar va shunga o‘xshash boshqa ko‘chma savdo obektlari kirishi belgilanmoqda.

Ilgari ko‘chma savdo obektlarida faqatgina o‘tirish joylari tashkil etmasdan, donalab sotiladigan taomlarni sotish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, endilikda kichik oshxonalar tashkil etishga ruxsat berildi.

Ma’lumot uchun, kichik oshxona — iste’molchilarga oson tayyorlanadigan taomlar, qaynoq va salqin ichimliklar bilan jadal xizmat ko‘rsatishni tashkil etuvchi korxona. Sotiladigan mahsulotlar turiga ko‘ra kichik oshxonalar quyidagilarga ixtisoslashgan bo‘lishi mumkin: kabobxona, palovxona, somsaxona, chuchvaraxona, cheburekxona, pirojkaxona, blinchikxona va shu kabilar. 

Ko‘chma savdo obektlarida quyidagi faoliyatga ruxsat berilmoqda:

  • yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yengil konstruksiyali ko‘chma muzlatgichlarda saqlash va sotish;
  • yengil turdagi transport vositalarini (yengil avtomobil, velosiped, samokat, skuter va boshqalar) ijaraga berish va ta’mirlash xizmatlari;
  • elektromobillarni zaryadlash;
  • sartaroshlik xizmatlari;
  • kosmetolog xizmatlari;
  • poyabzal ta’mirlash xizmati;
  • maishiy texnika vositalarini ta’mirlash xizmati;
  • kalit yasash xizmati.

Quyidagi joylarda ko‘chma savdo obektlarini joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi: ma’muriy binolarda; jamoat transporti bekatlarida; piyodalar o‘tish joylaridan oldin 15 metrdan kam masofada
 
Ro‘yxatdan o‘tkazilgan ko‘chma savdo obektlarini yoki bir qismini boshqa shaxsga foydalanishga yoki ijaraga berishga o‘rnatilgan taqiq bekor qilinmoqda (foydalanishga yoki ijaraga berish Davlat soliq qo‘mitasi maxsus avtomatlashtirilgan axborot tizimida amalga oshiriladi)

Umumiy ovqatlanish tashkilotiga tutash yoki 5 metrdan oshmaydigan masofada joylashgan, bo‘sh turgan ko‘chma savdo joyi elektron onlayn-auksionsiz umumiy ovqatlanish yoki savdo sohasida qo‘shimcha xizmat ko‘rsatish uchun ijaraga berilishi mumkin.

Hokim yordamchilari, jismoniy va yuridik shaxslar ko‘chma savdo joyini K-SAVDO tizimiga kiritish huquqiga ega. Bunda g‘olib deb topilgan jismoniy shaxs 5 ish kuni ichida tadbirkorlik sub’yekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tishi shart.

Mavzuga oid