Jahon | 18:33 / 24.10.2022
40605
16 daqiqa o‘qiladi

Yangi front - Ukrainaga Belarusdan hujum. Bu qanchalik haqiqatga yaqin?

​​​​​​​Yaqinda Rossiya va Belarus rahbarlari umumiy qo‘shinlar guruhi tuzilishini e’lon qilgandi. Bundan tashqari, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bir necha marta Ukraina go‘yoki Belarusga hujum qilishga tayyorlanayotgani, bu esa Belarusning urushda to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etishi ehtimolini oshirishini aytdi. Zelenskiy bu tahdidlardan so‘ng G7 mamlakatlaridan Ukraina va Belarus chegarasiga kuzatuvchilar yuborishni so‘radi.

Rossiya-Belarus qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlari. 2022 yil 19 fevral / AP / Scanpix

Ukraina va uning ittifoqchilarining harbiy ekspertlari va siyosatchilari tomonidan berilayotgan asosiy savol – Belarus armiyasining Rossiya tomondan urushga bevosita qo‘shilishi ehtimoli qanchalik haqiqatga yaqin? Rossiya qo‘shinlari Belarus tarafdan Kiyevni egallash uchun yana bir urinib ko‘radimi?

To‘rt taxmin

10 oktyabr kuni Ukrainaga (xususan, Belarus hududidan ham) keng ko‘lamli raketa hujumlari uyushtirildi va shu kuni Aleksandr Lukashenko Rossiya bilan birgalikdagi «qo‘shma guruh» tuzilishini e’lon qildi.

Ekspertlar Belarusda «qo‘shma guruh» tashkil qilinishi sababi bo‘yicha to‘rtta nazariyani oldinga surmoqda:

Ukraina qo‘mondonligini boshqa front chiziqlaridan chalg‘itish uchun og‘zaki tahdid

Lukashenko bu usulni urush boshida ham qo‘llagan edi. Belarus kuchlari operativ (va norasmiy) jihatdan Rossiyaning G‘arbiy harbiy okrugiga kiradi. Bu okrug qo‘shinlari yaqinda Xarkivda katta yo‘qotishlarga uchradi. Endilikda okrug qo‘shinlari tarkibi Belarus kuchlari hisobiga to‘ldirilishi va shu yerdagi harbiy bazalarga joylashtirilishi mumkin. Bu yo‘l bilan belaruslar ukrainlarni shimolga e’tibor qaratishga majbur qilishi va boshqa front chiziqlaridan chalg‘itishi mumkin.

Rossiya aviatsiyasi, raketa komplekslari va dronlarini Belarusga joylashtirish

Uzoq tanaffusdan so‘ng Rossiya Ukrainaning g‘arbi va shimoliga (shu jumladan Kiyevga) havo zarbalari berishni boshladi. Hujumlarning bir qismi Belarus hududidan uchirilgan «Geran-2» kamikadze dronlari (Eronda ishlab chiqarilgan) yordamida amalga oshirildi.

Ehtimol, Rossiya armiyasi Ukrainaning muhim infratuzilmalarini yo‘q qilishni nazarda tutuvchi «vayronagarchilik urushi»ni yangi strategiya sifatida davom ettirishi mumkin. Belarus hududidan foydalanmasdan turib bunday taktikani amalga oshirib bo‘lmaydi. Rossiya dronlar va raketalarni Ukraina g‘arbiga aynan Belarus hududidan uchirishni maqsad qilgan bo‘lishi mumkin.

«Qo‘shma guruh» kelajak uchun yaratilmoqda, Rossiya qo‘mondonligi urushning Ukrainadan tashqariga tarqalishi va NATO davlatlari bilan ziddiyat muqarrar ravishda kuchayishini taxmin qilyapti

Rossiya qurolli kuchlari tomonidan Ukrainaga qarshi strategik bo‘lmagan yadroviy qurollardan foydalanish natijasida G‘arb bilan harbiy mojaro kuchaygan taqdirda Kreml Belarusdagi o‘z harbiy kuchlariga tayanmoqchi.

Rossiya rostdan ham Ukraina g‘arbi va shimoliga yana hujum qilmoqchi

Hozircha Kreml hujum uchun yetarli kuchga ega emas, bundan tashqari, bosqin Ukraina-Belarus chegarasining geografiyasi sabab ham qiyinchilikka uchrashi mumkin. Fevral va mart oylarida ruslar Kiyevni egallashi kerak bo‘lgan shimoliy va g‘arbiy armiyalarga kam sonli yo‘llar va ko‘p sonli suv to‘siqlari sabab kerakli ta’minotni yetkazib bera olmagandi.

Hujum Belarusning Brest oblasti orqali uyushtirilib, Ukrainaning Yevropa bilan chegaralarini egallashni maqsad qilgan bo‘lishi ham mumkin. Biroq buning uchun Rossiyaga juda katta kuch kerak bo‘ladi va bunday kuch safarbarlikdan keyin ham paydo bo‘lishi ehtimoli kam.

Va bu hujumda Belarus armiyasi ishtirok etmaydi. Chunki Rossiya o‘z ittifoqchisi armiyasini kuchaytirish o‘rniga zaiflashtirmoqda: uning harbiy qurollari va o‘q-dorilarini olib, boshqa frontlarga jo‘natyapti.

Belarusda hozirda qancha rossiyalik askar bor?

Butun yoz davomida Belarus hududidan yangi hujum operatsiyalarini o‘tkazish imkoniyati muhokama qilindi. Lekin, Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi hisobotlarida Belarus bilan chegaradagi Volin va Polesk yo‘nalishlaridagi vaziyat har doim «sezilarli o‘zgarishlarsiz» deya tavsiflandi.

Umumiy forma yo‘qligi, turli yosh toifalari, ko‘zoynaklar, shuningdek turlicha bosh kiyimlar - bularning barchasi Rossiyada yangi safarbar qilinganlarni ifodalaydi. Foto: Belarus mudofaa vazirligi

Biroq, kuzda Rossiya yana Belarus hududida qo‘shin to‘plashni boshladi. Rossiyada safarbarlik e’lon qilinishi bilan vaziyat yanada xavotirli tus oldi. Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Belarus Rossiya Federatsiyasidan safarbar qilingan 20 ming kishini qabul qilishga tayyorlanmoqda.

Yaqin vaqtgacha Belarusdagi doimiy rus kontingenti soni mingtaga yaqin harbiy xizmatchidan tashkil topgandi. Bularga oltita zarbdor samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassislar, «Iskander» operativ-taktik raketa tizimining to‘rtta qurilmasi, 12 ta S-400 zenit-raketa komplekslari, shuningdek, Gansevichi va Vileyka stansiyalari signalchilari kirgan.

Belarusdagi rossiyalik harbiylar soni qanchalik sezilarli darajada ortishi hozircha noma’lum, ammo Belarus harbiy hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Valeriy Revenko gap to‘qqiz ming askar haqida ketayotganini ma’lum qildi.

Agar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video va rasmlarga ishonilsa, ruslar Belarusga asosan yaqinda safarbar qilinganlarni jo‘natmoqda.

Foto: Belaruskі Gayun

17 oktyabr kuni Belarus tomoni tez orada qo‘shma guruh uchun Rossiyadan 170 ga yaqin tank, 100 mm kalibrli yuzlab minomyotlar va ikki yuzta jangovar mashinalar kelishini e’lon qildi.

Shu bilan birga, Belarusning «Belaruskі Gayun» telegram-kanali yozishicha, ruslarning eshelonlari Ukraina bilan chegaradosh hududlarga emas, balki Belarusning markaziy va shimoliy hududlariga yo‘l olmoqda.

Shimoldan hujum Ukraina uchun qanchalik xavfli?

O‘tgan hafta «Axboriy qarshilik» loyihasining harbiy-siyosiy kuzatuvchisi Aleksandr Kovalenko Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirish tahdidini yaratish uchun Rossiya Belarusda kamida 40 ta batalon taktik guruhlarini to‘plashi kerakligini ta’kidladi.

Hozircha Belarusda rossiyaliklarning zarbdor guruhlari shakllantirgan belgilar ko‘zga tashlanmagan. Suratda Rossiya bo‘linmalari bilan kelgan avtomobil texnikalari. Foto: Belarus mudofaa vazirligi

Bu miqdordagi taktik guruhlar shaxsiy tarkibi soni 24-28 ming harbiy xizmatchini tashkil qiladi. Fevral oyida Belarusdan Ukrainaga bostirib kirgan rus qo‘shinlarining taxminiy soni shuncha edi.

Agar hujum atigi to‘qqiz ming kishi bilan uyushtirilsa, bu 12 taktik guruh degani. Kovalenkoning aytishicha, u holda bu to‘laqonli operatsiya emas, balki texnikalarsiz batalonlar marshi bo‘ladi.

«Bu haqiqiy hujumdan ko‘ra ko‘proq chalg‘ituvchi zarba bo‘ladi», deydi u.

Agar Belarusdagi rus kontingenti soni tez o‘sishni boshlasa, Rossiya haqiqatan ham bu yerdan hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lishi ehtimoli katta. Bunda rus qo‘mondonligi deyarli motivatsiyaga ega bo‘lmagan va yomon tayyorgarlik ko‘rgan safarbar qilingan askarlardan foydalanadi.

Rossiyada hujum qilish uchun kuchlar yetarlimi?

Ukrainaning Defense Express mudofaa internet portali tahlilchisi Ivan Kirichevskiy BBC nashriga aytishicha, bu haqda gapirishga hali erta. «Boshqa frontlardagi Rossiya armiyasi juda qattiq charchab, chiziqni arang ushlab turishni boshlaganda, Kreml Ukraina qo‘shinlarini chalg‘itish uchun Belarusdan hujumga o‘tishi mumkin», deydi u.

Fevral oyida rossiyalik desantchilarning ilg‘or qismlari Belarusdan Ukrainaga kirib, juda tez ilgarilagandi. Fevralda sun’iy yo‘ldoshda olingan suratda - Bucha yaqinidagi Berestyankda turgan Rossiya qo‘shinlari.
SATELLITE IMAGE 2022 MAXAR TECHNOLOGIES VIA EPA

Biroq, Kirichevskiy Rossiya shimoldan navbatdagi hujumni boshlash uchun yetarlicha qo‘shinlar guruhini tuza olishiga shubha qilmoqda.

Bunga misol sifatida u Rossiya avgust oyi o‘rtalarida janglarga tashlamoqchi bo‘lgan 3-armiya korpusining muvaffaqiyatsizligini keltiradi. Rossiya qo‘mondonligi bu korpusni faqatgina sentabr oyida frontga yubordi va shunda ham to‘liq shakllantirilmagan holda.

«Natijada Ukraina armiyasi bu korpusni Xarkiv atrofidan uloqtirib tashladi», deydi ekspert.

Ukraina shimoldan ehtimoliy hujumga tayyormi?

Hujumlarni rejalashtirishda asosiysi - o‘z imkoniyatlaringga xolis baho berish hisoblanadi. Fevral-mart oylarida Kiyev, Chernihiv va Sumi oblastlaridagi muvaffaqiyatsizliklar Rossiya armiyasida bu borada muammolar borligini ko‘rsatgandi.
Foto: Rossiya mudofaa vazirligi

Ukraina qurolli kuchlari birlashgan qo‘shinlari qo‘mondoni general-leytenant Sergey Nayev Rossiya armiyasining urush boshida Ukraina shimolidagi erishgan muvaffaqiyatlarini bu paytda Ukraina qo‘shinlarining asosiy qismi Donbassda bo‘lgani bilan izohladi. O‘sha davrda Belarus bilan chegarada asosan tinchlik davridagi bir necha bo‘linmalar bo‘lgan va bu keng ko‘lamdagi tajovuzni qaytarish uchun yetarli bo‘lmagan.

Ehtimol bunga Rossiya bosqinidan ikki kun oldin Belarus Mudofaa vaziri Viktor Xreninning ukrainalik hamkasbi Oleksiy Reznikovga Belarusdan Ukrainaga hech qanday hujum bo‘lmasligi haqida «ofitser so‘zini bergani» ham sabab bo‘lgan. Bu haqda Reznikovning o‘zi Amerikaning Washington Post gazetasiga bergan intervyusida aytgandi.

General Nayevning ta’kidlashicha, Ukraina hozir Belarus tomondan hujum bo‘lishiga tayyor. «Belarusda to‘planadigan qo‘shinlar ularning tayyorlik darajasini oshiradi. Shubhasiz, Ukraina qo‘mondonligi ham kuch va texnikalarni shay holga keltiradi», deydi general.

Ukrainaning Belarus bilan chegaradosh oblastlari ma’muriyatlari ham ehtimoliy hujumga tayyorgarliklari haqida xabar bermoqda.

Polese - har qanday mamlakat qurolli kuchlari uchun noqulay landshaftdir, ayniqsa kuzgi erish davrida. Foto: Getty Images

Belarus bilan 218 kilometrlik umumiy chegaraga ega bo‘lgan Rivne oblasti harbiy-fuqarolik ma’muriyati rahbari Vitaliy Kovalning BBC News Ukraina nashriga aytishicha, chegara mudofaasini kuchaytirish bo‘yicha ishlar yetti oydan beri davom etmoqda.

Kovalning so‘zlariga ko‘ra, shimoldan bo‘ladigan har qanday hujum katta to‘siqqa duch keladi.

«Hududimizning 40 foizi o‘rmonlar bilan qoplangan. Va aynan Belarus bilan chegaradosh shimoliy oblastlar o‘tib bo‘lmaydigan o‘rmonlar, shuningdek, botqoqliklardan iborat. Bundan tashqari, 170 ta daryo bor. Bular dushman uchun tabiiy to‘siqlardir. Daryolar ustidagi ko‘priklar turli yo‘llar bilan to‘sib qo‘yilishi mumkin bo‘lgan va dushman harakatini to‘xtatib turadigan obektlardir», deya izoh beradi Rivne oblasti rahbari.

«Faqat o‘z joniga qasd qilganlargina Ukraina-Belarus chegarasi orqali bizga qarshi urush boshlashi mumkin», deya qo‘shimcha qiladi u.

Belarus armiyasi Rossiya tomondan urushga kirishi mumkinmi?

Nazariy jihatdan Belarus armiyasi ham urushga kirishi mumkin. Ammo ekspertlar bunday ehtimolni juda past baholashadi

O‘tgan yil oxirida Belarus quruqlikdagi qo‘shinlari soni 17 ming harbiy xizmatchidan iborat bo‘lib, ularning asosiy qismi muddatli harbiy xizmatchilar bo‘lgan.

Belarus armiyasi ham zirhli texnikaga, ham aviatsiyaga ega va Ivan Kirichevskiyning so‘zlariga ko‘ra, Belarusning urushga kirishi haqiqatan ham xavfli bo‘lishi mumkin. Biroq, belaruslik harbiylar jangovar tajribaga ega emas.

Bundan tashqari, Belarus rahbariyati, jumladan Lukashenko Ukraina bilan jang qilishni istamasligini bir necha bor ta’kidlagan. Biroq Xreninning 22 fevraldagi va’dalari esga olinsa, bunday bayonotlarga ishonish mumkin emas.

Belarusda ham safarbarlik e’lon qilinadimi?

Bir necha kun oldin Belarusdagi muxolifat «Nasha niva» nashri «Belarusda safarbarlik to‘g‘risida qaror qabul qilindi» sarlavhali maqola e’lon qildi, unda jurnalistlar o‘z manbalariga tayanib, Lukashenko harbiy qismlarni to‘ldirish uchun Belarusda yashirin safarbarlik o‘tkazish bo‘yicha fundamental qaror qabul qilganini aytgan.

Maqola mualliflarining fikricha, bu Belarus va Ukraina chegarasida to‘qnashuv yuz berishi ehtimolini oshiradi.

18 oktyabr kuni bu haqdagi ma’lumotni Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi ham tasdiqladi. «O‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari niqobi ostida Belarus qurolli kuchlari safini to‘ldirish uchun yashirin safarbarlik amalga oshirilmoqda. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, zenit-raketa tizimlari operatorlari va tank ekipajlarini yig‘ish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilmoqda», deyiladi Bosh shtab bayonotida.

Rasmiy ravishda Minsk safarbarlik haqida hech qanday ma’lumot e’lon qilmadi va avvalroq, Aleksandr Lukashenko bunday reja borligini keskin rad qildi.

Belaruslar Ukraina bilan jang qilishni xohlaydimi?

Belarus tanki shu yil avgustida rossiyaliklar bilan qo‘shma mashg‘ulotlarda. Foto: Getty Images

Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Oleksiy Arestovichning aytishicha, Belarusda haqiqatan ham qisman yashirin safarbarlik ketmoqda, lekin ular asosan qurilish mutaxassisligiga ega harbiy xizmatchilarni armiyaga jalb qilyapti.

«Ya’ni Belarus tomonining asosiy vazifasi biz bilan jang qilish emas, balki Rossiya kontingenti yashashi uchun qandaydir sharoitlar yaratishdir», deydi u.

Arestovichning ta’kidlashicha, Belarus armiyasining Ukrainaga qarshi urushda bevosita ishtirok etish ehtimoli nolga teng bo‘lmasa ham, juda past.

Ko‘pgina harbiy kuzatuvchilar Belarus armiyasi to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy harakatlarda qatnashish niyatida emasligi, balki rus qo‘shinlariga Belarus arsenallaridan qurol va o‘q-dorilar berishni ko‘zda tutganini ta’kidlamoqda.

Kirichevskiyning fikricha, Lukashenko shu tariqa o‘z armiyasining Ukrainaga qarshi urushga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirishidan qochishga harakat qilmoqda.

«Polonez» baravar o‘t ochish reaktiv tizimi. Belarus bu tizimni Xitoy bilan hamkorlikda ishlab chiqqani taxmin qilinadi.
Foto: Belarus mudofaa vazirligi

«Belaruskі Gayun» telegram kanali mualliflari ham Ukrainaga bevosita bostirib kirishni bir necha variantlardan biri deya hisoblagan.

Belarusning urushdagi ishtiroki o‘z hududida Rossiya kuchlarini tayyorlash, ularga qurol-yarog‘ yetkazib berish va Belarus poligonlarida safarbar etilgan rossiyaliklarni tayyorlash bilan cheklanishi mumkin.

Biroq, ertami-kechmi Belarus armiyasi baribir urushga kirishiga ishonayotganlar bor.

Ukraina harbiy xizmatchilariga ko‘maklashuvchi «Tirik qayting»  jamg‘armasi rahbari Taras Chmut Belarus qurolli kuchlarida «Iskander» va S-400 majmualari paydo bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarga shunday izoh berdi: «Ular urushga kiradi. Yoki biz bundan oldin g‘alaba qozonamiz va Rossiya Federatsiyasi parchalanib ketadi».

Belaruslarning kayfiyatini o‘rganish uchun BBC News Ukraina nashri qarindoshi Belarus armiyasida xizmat qiluvchi ismini oshkor qilishni istamagan belaruslardan biri bilan suhbatlashgan. «Belarus Respublikasi jang qilishni xohlamaydi. Va bu yuz bermaydi», degan u.

Mavzuga oid