O‘zbekiston | 09:41 / 25.10.2022
9238
2 daqiqa o‘qiladi

G‘afur G‘ulom bog‘i “Dream Park” nomi bilan qayta ochilyapti

Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi G‘afur G‘ulom bog‘ida ta’mirlash ishlari tugatilib, test rejimida faoliyati sinab ko‘rilyapti. Bu haqda Chilonzor tuman hokimligi xabar bermoqda.

Foto: G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i ma’muriyati

Tuman hokimligi xabariga ko‘ra, bog‘da piyodalar sayr qilish va yugurish yo‘laklariga joy bo‘shatish uchun, attraksionlar kamaytirilgan, bog‘ barcha rasta, kafe va kabob tayyorlaydigan joylardan tozalangan. E’tibor landshaft dizayniga qaratilib, maksimal darajada tabiiylik saqlab qolingan. Asosiysi, bog‘dagi daraxtlar to‘liq saqlanib qolingan va sug‘orish tizimi to‘liq o‘zgartirilgan.

“Biz faqatgina poytaxtning eng yirik yashil hududlaridan birini saqlab qolishni emas, balki hududni yangi va turli daraxtlar, butalar va gullaydigan o‘simliklar bilan to‘ldirishni ham o‘z oldimizga vazifa sifatida qo‘ygandik”, – degan bog‘ direktori o‘rinbosari Zafar Mirzaulug‘ov.

Shuningdek, xabarda aytilishicha, bog‘ hududida joylashgan 2ta ko‘l to‘la ta’mirlanib, gidrotizimlar to‘liq o‘zgartirilgan, ko‘llar atrofida plyaj zonalari va tabiat qurshovida dam olish uchun joylar yaratilgan. Ko‘llarning birida qayiq va katamaranlar saqlab qolinib, ikkinchi ko‘l esa o‘rdaklar uchun ajratilgan.

Ma’lumot uchun, G‘afur G‘ulom madaniyat va istirohat bog‘i 2019 yil mart oyida rekonstruksiya ishlari sabab yopilgan edi. Keyinroq 2020 yil iyul oyida Toshkent shahar hokimligi bog‘ni modernizatsiya qilish ishlari 49 yilga “BMP Smart Decision Private Limited” xorij kompaniyasiga topshirilganini ma’lum qilingandi. Bundan oldin bog‘ ochilish vaqti sifatida 2022 yilning yozi, keyinroq sentabri ko‘rsatilib, oxirgi marta esa bog‘ qishda to‘liq ochilishi mumkinligi aytilgandi.

Mavzuga oid