Jahon | 20:13 / 25.10.2022
22274
6 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ukraina «iflos bomba» qo‘llashi haqida «ogohlantirish»da davom etmoqda

G‘arbdagilar buni reaksiya qanday bo‘lishini tekshirish yoki mojaroning yangi keskinlashuvi uchun bahona sifatida baholashmoqda.

Rossiya Ukraina «iflos bomba» (radiologik qurol) qo‘llashga tayyorlanayotganini ta’kidlashda davom etmoqda. Barchasi 23 oktyabr kuni boshlangandi. O‘sha kuni Moskva vaqti bilan soat ertalabki sakkizda RIA Novosti davlat agentligi saytida «turli mamlakatlardagi ishonchli manbalar»ga tayangan holda Ukraina o‘z hududida «iflos bomba» ishlatmoqchiligi va bunda Rossiyani ayblashi aytilgan maqola nashr qilindi. Shu kuni RF mudofaa vaziri Sergey Shoygu Fransiya, Buyuk Britaniya, Turkiya va AQShdagi hamkasblariga qo‘ng‘iroq qilib, ularni bu haqda ogohlantirdi.

Valeriy Gerasimov va Sergey Shoygu
ALEXEI NIKOLSKY/TASS

Sergey Shoygu ortidan RF qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov ham G‘arb davlatlaridagi hamkasblariga telefon qilgan. 24 oktyabr kuni u Shoygu kabi Buyuk Britaniya va AQShdagi yuqori lavozimli harbiy qo‘mondonlar bilan gaplashib, go‘yoki Ukrainada «iflos bomba» tayyorlanayotgani haqida gapirgan. Shu kuni Rossiya mudofaa vazirligi rasman Ukrainada radioaktiv materiallar va bunday qurollarni yaratish uchun «ilmiy baza» borligi haqida e’lon qildi. Harbiy idoraning ta’kidlashicha, uning qo‘llanishi Rossiyaning kam quvvatli yadro qurollari ishga tushirilishiga olib keladi.

Rossiya Qurolli kuchlari radiatsiyaviy, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari boshlig‘i general-leytenant Igor Kirillovning ma’lum qilishicha, «Rossiya kuchlari va vositalari radioaktiv ifloslanish sharoitida vazifalarni bajarishga shay holatga keltirilgan». Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning ikki tashkiloti «iflos bomba» tayyorlash bo‘yicha aniq topshiriqlar olgan va ishlar «yakuniy bosqich»da turibdi. Kirillov bunday qurol qo‘llanishi bir necha ming kvadrat metr maydon radioaktiv ifloslanishiga olib kelishini aytgan.

Rossiya armiyasi rahbariyatidan tashqari, mamlakat tashqi ishlar vazirligidagilar ham «iflos bomba» haqida gapirishgan. 24 oktyabr kun TIV spikeri Mariya Zaxarova ushbu rejalashtirilgan provokatsiyadan maqsad —«Rossiyaga qarshi kuchli kampaniya» o‘tkazib, hamkorlarning Moskvaga ishonchiga putur yetkazish va RFni xalqaro maydonda yakkalab qo‘yish ekanini aytgan. Vazirlik rahbari Sergey Lavrov esa «iflos bomba» masalasi BMT Xavfsizlik kengashida ko‘rib chiqilishini aytgan.

  • Rossiya avval ham, urushning dastlabki davrida Ukrainani yadro quroli yaratishga urinishda ayblagandi. Bunga bahona sifatida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning urushdan oldinroq bergan bayonoti keltirilgandi. Zelenskiy 1994 yilda Ukraina «xavfsizlik maqsadida yadro qurolidan voz kechgani» va endi «na qurolga va na xavfsizlikka egaligi»ni aytgandi. Kiyev «iflos bomba» yaratishi rejalari borligini rad etgan.

RF hukumati rasmiylari dalil keltirishmayapti. Ukraina tomoni «iflos bomba» yaratilishi haqidagi gaplarni qat’iyan inkor etgan. Prezident Volodimir Zelenskiy va TIV rahbari Dmitro Kuleba Rossiya o‘zi qilishni rejalashtirgan ishlarda o‘zgalarni ayblab kelishini eslatgan. Kiyev Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE/AEXA) ekspertlaridan Rossiya radiologik qurollar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishini da’vo qilayotgan Jyeltiye Vodi va Kiyevdagi obektlarga tashrif buyurib, tekshiruv o‘tkazishini so‘ragan. Agentlik rahbari Rafael Grossi inspektorlar yaqin kunlar ichida Ukrainadagi ikki obektni tekshirishini aytgan. Grossi bu obektlardan biri bir oy oldin ham tekshirilgani va o‘shanda hech qanday taqiqlangan narsa topilmaganini qo‘shimcha qilgan.

AEXA inspektorlarini sentabr oyida Zaporijjya AESga olib kelgan BMT avtomobillari
Genya Savilov / AFP / Scanpix / LETA

G‘arbdagilar Rossiyaning ayblovlariga ishonishmayapti. AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari buni eskalatsiya uchun bahona deb, NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg — «absurd» deb atadi. AQSh Davlat departamenti va Oq uy ayni vaqtda Rossiya yadroviy quroldan foydalanishga tayyorlanayotganining belgilari ko‘rinmayotganini ma’lum qilgan. Ammo The New York Times (NYT) manbalariga ko‘ra, AQSh baribir Rossiya ukrainlarning «iflos bombasi» haqidagi bayonotlar bilan o‘zining «mash’um» rejalarini niqoblashga harakat qilishi mumkinligidan xavotirlanmoqda.

Moskvaning maqsadi G‘arbning reaksiyasini tekshirish bo‘lishi mumkin  bu haqda Financial Times nashrining ikki manbasi aytgan. Rossiya tomonidan yadro qo‘llanishi ehtimoli urush boshidanoq muhokama etib kelinadi, ammo ekspertlar Rossiya prezidenti Vladimir Putin birinchi navbatda safarbarlik va Ukraina energetika obektlariga zarba berish metodlarini qo‘llashini taxmin qilishgandi. Ayni vaqtga kelib bu ikki metod ham qo‘llangan va Putin ularning samarasini baholashi uchun bir necha oy ketadi, deb yozadi NYT. Keyinchalik nima bo‘lishi noma’lum, lekin avval xabar qilinganidek, Rossiya yadro quroli qo‘llagan taqdirda AQSh katta ehtimol bilan simmetrik javob qaytarmadi — oddiy qurollar bilan Ukraina hududidagi Rossiya qo‘shinlariga zarba beriladi.

Mavzuga oid