Jahon | 21:27 / 26.10.2022
32356
5 daqiqa o‘qiladi

Putin strategik kuchlar mashqini o‘tkazdi, «ommaviy yadro zarbasi» sinab ko‘rildi

Rossiya o‘z strategik yadro kuchlariga yirik yadro zarbasi berilishini sinab ko‘rish maqsadida, harbiy-o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Moskva o‘z yadroviy kuchlarining yillik mashqini o‘tkazishi haqida Qo‘shma Shtatlarni oldindan ogohlantirdi. Mashqlar yadro qurolidan foydalanish xavfi ortishi va Moskvaning Ukrainani «iflos bomba» yaratishda ayblashi fonida o‘tkazildi.

Arxiv foto – «Grom-2019» mashg‘ulotlari doirasida «Kalibr» raketasi uchirilishi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin strategik tiyib turuvchi kuchlarning mashg‘ulotlarini maxsus markazdan turib shaxsan kuzatdi. Uning rahbarligida quruqlik, dengiz va havo kuchlari mashq o‘tkazdi. Ular dushmanning yadroviy zarbasiga javoban «ommaviy yadro zarbasini berish vazifasi»ni sinovdan o‘tkazishdi.

«Barcha raketalar belgilangan vazifani bajargan holda nishonga yetib bordi», deyiladi Kreml sayti xabarida.

Putin mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Rossiya qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimovning hisobotlarini tingladi.

Mashq davomida Plesetskdagi bazadan «Yars» qit’alararo ballistik raketasi, Barens dengizidagi suv osti kemasidan «Sineva» ballistik raketasi Kamchatkadagi Kura poligoniga qarata uchirildi. Shuningdek, strategik aviatsiyaning ikkita Tu-95MS samolyotidan qanotli raketalar ham uchirildi.

Arxiv foto - strategik bombardimonchilardan raketalar uchirilishi
MINISTRY OF DEFENCE OF THE RUSSIAN FEDERATION

«Rossiyaning an’anaviy yillik harbiy mashqlari»

Pentagon matbuot kotibi, Harbiy havo kuchlari brigadasi generali Patrik Rayderning xabar berishicha, strategik qurollarni qisqartirish bo‘yicha shartnomaga binoan, Rossiya yadro qurolini tashishga qodir o‘z raketalarining parvozi haqida oldindan xabar berishga majbur.

«AQSh xabardor qilingan va biz ilgari ta’kidlaganimizdek, bu Rossiyaning an’anaviy yillik mashqlari», dedi Rayder.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mashq o‘tkazilishi haqida oldindan ogohlantirish turli mojarolar xavfini kamaytiradi.

Rossiya strategik tiyib turuvchi kuchlarining ballistik va qanotli raketalarni uchirish bo‘yicha mashqi «Grom» kodli nom ostida o‘tkazilmoqda, deb qo‘shimcha qildi AQSh Mudofaa vazirligi vakili.

Avvalgi mashqlar 2022 yil 19 fevralda, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan besh kun oldin bo‘lib o‘tgan edi. Bungacha ushbu mashqlar ikki yildan beri o‘tkazilmagan edi.

Rossiya Ukrainada bir nechta ta’sirli mag‘lubiyatga uchraganidan keyin, Putin yadro qurolini qo‘llash haqidagi yashirin tahdidlar bilan chiqdi. So‘ngra, 21 sentabrda mamlakatda qisman safarbarlik e’lon qilgan edi.

«Agar o‘z hududimiz yaxlitligi tahdid ostida qolsa, Rossiya barcha mavjud vositalarni ishga soladi, bu blef emas», — dedi Putin.

Oktyabr oyi boshida Rossiya Ukrainaning qisman bosib olingan to‘rtta viloyatini annexia qildi.

So‘nggi bir necha kun ichida Shoygu AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya harbiy departamenti rahbarlari bilan telefon orqali suhbatlar o‘tkazib, Ukraina tomonidan «iflos bomba» qo‘llanilishi tahdidi haqida ogohlantirdi. G‘arb davlatlari va Kiyev bu ayblovlarni yolg‘on deb hisoblaydi.

Putin chorshanba kuni «iflos bomba» haqida ham gapirdi. Strategik tiyib turuvchi kuchlarning mashqini kuzatib bo‘lgach, Putin MDH davlatlari xavfsizlik va razvedka idoralari delegatsiyalari rahbarlari bilan uchrashish uchun jo‘nab ketdi. U yerda G‘arb davlatlari Ukrainani «qurol bilan to‘ldirayotgani» va Kiyevning go‘yoki «yadro quroliga ega bo‘lish» istagi haqidagi bayonotlariga e’tibor bermayotganini aytdi. «Iflos bomba deb ataladigan quroldan provokatsiyalar uchun foydalanish rejalari bor», — deb qo‘shimcha qildi Putin.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid