Jahon | 11:47 / 28.10.2022
9163
2 daqiqa o‘qiladi

Polsha va Slovakiya parlamentlari kiberhujumlarga uchradi

Polshada kiberhujum Rossiyadagi hukmron tuzumning Senat tomonidan terroristik deb tan olinishi bilan bog‘liq, deya taxmin qilindi.

Foto: Shutterstock

Polsha va Slovakiya parlamentlari, jumladan, Rossiyadan ham kiberhujumlarga uchradi, deb xabar bermoqda AFP agentligi 27 oktyabr, payshanba kuni parlament vakillariga tayanib.

Kiberhujumlar «bir necha yo‘nalishdan, shu jumladan Rossiyadan» amalga oshirildi, dedi Polsha Senati vakili. Uning fikricha, bunga Rossiya hukumatini «terroristik rejim» deb e’lon qilgan Senatda chorshanba kuni o‘tkazilgan ovoz berish sabab bo‘lishi mumkin.

Slovakiyada parlamentda ovoz berish tizimi zarar ko‘rdi. «Parlamentning butun kompyuter tarmog‘i ishdan chiqdi», dedi parlament spikeri o‘rinbosari Gabor Grendel. Soat 11 ga belgilangan ovoz berish o‘tkazilmadi va parlament majlisi to‘xtatildi, deya qo‘shimcha qildi u. Barcha kompyuterlar va telefonlar o‘chirilgan, bu esa parlament a’zolarining bir nechta qonun loyihalari bo‘yicha ovoz berishlariga to‘sqinlik qildi, dedi Slovakiya parlamenti spikeri Boris Kollar.

Oktabr oyi o‘rtalarida rossiyalik xakerlar Bolgariya hukumati idoralarining bir qator veb-saytlariga hujum qilishdi, xususan, Bolgariya prezidenti, hukumati, asosiy vazirliklari va Konstitutsiyaviy sudining resurslari ommaviy DDoS-hujumga uchradi.

Rossiyaning Killnet xakerlar guruhi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. U avvalroq Germaniya va Litva kabi bir qancha mamlakatlardagi davlat idoralari va xususiy kompaniyalar veb-saytlariga bir qancha DDoS-hujumlarni amalga oshirgan. Spiegel nashriga ko‘ra, Germaniyadagi hujum Ukrainaga qurol yetkazib berish bilan bog‘liq. Litvada hujum Kaliningradga yuk tranzitini to‘sib qo‘yish bilan aloqador bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid