Jahon | 13:22 / 29.10.2022
17435
3 daqiqa o‘qiladi

Norvegiyada qo‘lga olingan «braziliyalik professor» «GRU» zobiti bo‘lib chiqdi

Norvegiya rasmiylariga ko‘ra, oktabr oyida qo‘lga olingan Tromsyo Arktika universiteti xodimi «GRU» zobiti Mixail Mikushindir. Sud uni josuslikda aybladi.

Foto: The Guardian

Oktabr oyida qo‘lga olingan Norvegiyaning Tromsyo Arktika universiteti xodimi, o‘zini braziliyalik professor Joze Assisa Jiammaria deb atagan shaxs aslida Rossiya fuqarosi, Rossiya harbiy razvedkasining mansabdor zobiti Mixail Valerevich Mikushindir. 28 oktyabr, juma kuni Norvegiya politsiyasi xavfsizlik xizmati (PST) unga josuslikda ayblov qo‘yilganini ma’lum qildi

Belligcat va The Insider surishtiruv portallariga ko‘ra, ular Mikushinning Rossiya maxsus xizmatlariga tegishli ekanligini tasdiqlashga muvaffaq bo‘lishgan.

The Insider nashrining yozishicha, Mikushin 1978 yilda Yekaterinburgda tug‘ilgan. 2006 yilda u «GRU»ning Moskvadagi Harbiy-diplomatik akademiyasini (HDA) tamomlagan va onasi go‘yoki braziliyalik bo‘lganligi sababli Braziliya pasportini olishga muvaffaq bo‘lgan. 

2011 yilda Mixail Mikushin Kanadaga Kalgari universitetida o‘qishga borgan, lekin vaqti-vaqti bilan Rossiyaga kelib turgan. 2015 yil iyun oyida u Rossiyada haydovchilik guvohnomasini yangilagan, bir necha oydan keyin esa Kanadada Yangi Demokratik partiya uchun saylovoldi tashviqotini olib borgan. Bir muncha vaqt Mikushin Kanadada «tadqiqotlar» olib borgan, 2019 yilda u hatto Arktikada yangi harbiy bazalar zarurligi haqida maqola chop etgan, deya ta’kidlaydi The Insider. 

2021 yilda Mikushin Norvegiyaga Tromsyo universitetidagi «gibrid tahdidlarni» o‘rganishni ham o‘z ichiga oladigan tadqiqot dasturi uchun kelgan. Ammo uning faoliyati Norvegiya bilan chegaralanib qolmadi. Bir oy oldin u Vilnyusda Yevropa Ittifoqi ko‘magida «gibrid urush» bo‘yicha o‘tkazilgan treningda qatnashgan. Trening mavzularidan biri - «Shimoliy oqim» gaz quvurida qo‘poruvchilik sodir bo‘lgan taqdirda qanday javob berish kerakligi edi. 

Norvegiyaning NRK telekanali xabariga ko‘ra, 28 oktyabr kuni Oslo sudi prokuratura talabini qondirdi va Mikushinni to‘rt haftalik hibsda qoldirishga qaror qildi. 
 
The Insider nashrining yozishicha, Mikushinning advokatiga o‘z mijozini Rossiyaga deportatsiya qilish niyati borligi haqida ma’lum qilingan, biroq Moskva uning Rossiya fuqaroligiga ega ekanligini inkor etyapti va Norvegiyani josuslik maniyasida ayblayapti. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid