O‘zbekiston | 14:51 / 31.10.2022
15577
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyevning yangi haftadagi ish jadvali ma’lum qilindi 

Joriy hafta davlat rahbari ishtiroklarida ko‘plab uchrashuv, muhokama va tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qayd etilishicha, bugun, 31 oktyabr kuni ertalab prezidentga qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va bu borada issiqxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalasida hisobot berdi.

Kun ikkinchi yarmida hudud va tarmoqlarda energiya tejamkorligini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan soha mutasaddi rahbarlari ishtirokida taqdimot rejalashtirilgan.

Shuningdek, hafta davomida iqtisodiyot tarmoqlariga berilayotgan imtiyozlar samaradorligini o‘rganish natijalari yuzasidan muhokama, mahalliy sanoatni yanada rivojlantirish borasida mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar etish yuzasidan kengaytirilgan majlis va odil sudlovni ta’minlash hamda sud islohotlarini yanada takomillashtirish borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

1 noyabr kuni prezident Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok boshchiligidagi delegatsiyani qabul qiladi. Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlar istiqboli, savdo-iqtisodiy, energetika yo‘nalishidagi hamkorlik muhokama qilinadi va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashiladi.

3 noyabr kuni esa davlat rahbarining BAA hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy bilan uchrashuvlari rejalashtirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid