O‘zbekiston | 15:59 / 31.10.2022
21416
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 1,5 mlrd so‘mga maktab o‘qituvchilari uchun bir xil forma sotib olinmoqda

Toshkent shahar hokimligi maktab o‘qituvchilarini bir xil kiyintirish tashabbusini davom ettiryapti. Bahorda 3 ming nafar o‘qituvchiga forma tarqatilgan bo‘lsa, kuzga kelib yana 1,2 ming o‘qituvchi uchun 1,5 mlrd so‘mlik kiyimlar xarid qilinyapti. Bir komplektning narxi 1 mln 250 ming so‘mgacha deb belgilangan.

Toshkent shahar hokimligi maktab o‘qituvchilari uchun 1 200 komplekt forma sotib olishga buyurtma berdi. Bu borada hokimning yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va madaniy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Durdona Rahimova shu yil 17 oktyabrda imzolagan tasdiqlov hujjati imzolagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan hujjat suratidan ko‘rinishicha, bu komplektlar ko‘ylak, yubka, galstuk, jaket va koftadan iborat bo‘lib, ularning har bir donasi 1 mln 250 ming so‘mga baholangan.

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari imzolagan tasdiqlov hujjati

Durdona Rahimovaning Gazeta.uz'ga ma’lum qilishicha, bu tashabbus hokimlikning o‘zidan chiqqan, uni amalga oshirishdan avval biror davlat tajribasi o‘rganilmagan va bunday maqsad ham yo‘q.

“Hamma kasb egalarining o‘z sharafli formasi bor, ko‘rgan odam ularning qay sohada ishlashini bir qarashda biladi. Formani yo‘lga qo‘yishdan maqsad jamoat joylarida o‘qituvchilarning obro‘sini oshirish, yosh avlodda ularga nisbatan hurmat tuyg‘usini shakllantirishdan iborat. Maktab direktorlari baribir pedagoglarga forma kiydirtiradi, har bir o‘qituvchi 2 mln so‘mgacha bo‘lgan narxlarda forma sotib oladi. Hozir qay bir maktabga bormang, o‘qituvchilar ustida turli rangdagi kostyumlar, koftalarni ko‘rasiz. Biz esa hamma pedagoglar bir xil formada bo‘lishini istab, shu tashabbus bilan chiqdik”, – degan u.

Rahimovaga ko‘ra, formani yo‘lga qo‘yishdan oldin maktab direktorlari va o‘qituvchilarning fikri o‘rganilgan, takliflari eshitilgan.

“Bu forma majburiy emas. Buni o‘qituvchilarga yordam sifatida ko‘rish mumkin. Ular orasidagi e’tiborga muhtojlariga, qisman bo‘lsa-da, ko‘maklashmoqchimiz. Misol uchun, biror o‘qituvchi bir yoki ikki nafar farzandini shartnoma asosida oliy o‘quv yurtida o‘qitayotgan bo‘lsa, o‘zi uchun forma xarid qilishda qiynaladi. Shu nuqtayi nazardan ham shunday pedagoglarga yordam berish maqsad qilingan”, – dedi hokim o‘rinbosari.

2022 yil bahorda tarqatilgan forma / Foto: Toshkent shahar hokimligi

Uning aytishicha, bu amaliyot yangi emas – 2022-yil bahorida ham 3 ming nafar o‘qituvchiga forma xarid qilinib, tarqatilgan.

“O‘sha formalarni ham shahar hokimligi xarid qilib, bepul tarqatgan. Pedagoglar hozirgacha xursand bo‘lib, kiymoqda. Boshqa o‘qituvchilarga ham bosqichma-bosqich olib beryapmiz. Shu jarayonning davomi sifatida 1 200 nafar o‘qituvchiga forma sotib olish ko‘zda tutilgan. Bitta pedagog formasining narxi 1,25 mln so‘m deyilgan, ammo bu eng yuqori narx. O‘qituvchilar bozordan yubka, kofta va boshqalarni olaman desa, ancha qimmatga tushadi. Biz esa ularga mahalliy budjetning ortib qolgan qismidan ajratilgan mablag‘ga forma xarid qilib, bepul tarqatyapmiz”,  – deya Durdona Rahimovaning so‘zlarini keltirmoqda Gazeta.uz.

Shu yil yoz oyida Toshkent shahar hokimligi o‘qituvchilar uchun maktab formasiga budjetdan jami 15,7 mlrd so‘m ajratgani ma’lum bo‘lgan edi. Dastlab, 26 iyul kuni hokimning 761-14-0-Q/22 sonli qarori bilan respublika budjetining 2022 yil ikkinchi chorak daromadlari rejasi orttirib bajarilgan qo‘shimcha manbasining Toshkent shahar mahalliy budjetiga ajratilgan qismi hisobidan umumta’lim maktablari o‘qituvchilari formalari uchun 3 mlrd so‘m miqdorida mablag‘lar taqsimlanishi e’lon qilingandi.

Keyinroq shahar hokimining 27 iyuldagi 767-14-0-Q/22 sonli qaroriga asosan, mahalliy budjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan 15 ming nafar o‘qituvchi uchun maktab formalariga 12,7 mlrd so‘m miqdorida pul ajratilgandi.

27 iyul kuni xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov yagona maktab formasi mavzusidagi brifingda, o‘qituvchilar uchun yagona forma joriy etilayotgani haqidagi xabarlarni “feyk” degandi. Vazirlik matbuot xizmati o‘qituvchilar uchun mamlakat miqyosida belgilangan va tasdiqlangan yagona maktab formasi mavjud emasligini ma’lum qilgan.

Ma’lumot uchun, Davlat statistika qo‘mitasining shu yil yanvar-mart oylari uchun e’lon qilingan axborotiga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 3 mln 426 ming 800 so‘mni tashkil etadi. Bu raqamlar sohalar kesimida olinsa, ta’lim yo‘nalishida ishlovchilarning o‘rtacha maoshi 2 mln 517 ming so‘mni ko‘rsatmoqda.

Mavzuga oid