O‘zbekiston | 09:14 / 02.11.2022
3978
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda Koreya kolleji ochiladi

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori Yusuf Abdullayev Janubiy Koreyaga amalga oshirgan safari doirasida ushbu oliy bilim yurti hamda qator yetakchi ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi. 

Foto: Dunyo

Yaqin kunlar ichida Koreya Ilg‘or ilm-fan va texnologiyalar instituti bilan ham hamkorlik bitimi tuzishga kelishib olindi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Ushbu memorandumlar asosida Samarqand xalqaro texnologiya universitetida texnologik injiniring, “yashil” energetika, axborot-texnologiyalari, koreys tili yo‘nalishlarida koreyalik hamkorlar bilan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti qoshida Koreya texnologiya va madaniyat kollejini (Korean College of Technology and Culture) ochishga kelishib olindi. 2023 yil yanvarda faoliyat boshlaydigan mazkur kollejda “yashil” energetika (qayta tiklanuvchi energiya), axborot-texnologiyalari dasturchilarini tayyorlash, dizayn (sanoat, iqtisodiyot, qurilish dizaynerligi) va koreys tili bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.

Osiyo madaniyati va taraqqiyoti instituti ushbu kollejni malakali o‘qituvchilar bilan ta’minlash vazifasini o‘z zimmasiga oladi. Ipak yo‘li universitetlar tarmog‘i direktori Xvang Sung Don esa ushbu kollejga rahbarlik qiladi.

Tomonlar hamkorlikda zamonaviy talablarga javob beradigan qo‘shma o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, universitetlar o‘qituvchi va professorlari o‘zaro malaka oshirishini hamda talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, o‘qitish materiallari, tadqiqot loyihalari, maqolalar hamda kutubxonadagi resurslardan foydalanish, birgalikda konferensiya, seminar hamda mahorat darslari tashkil etish ishlarini ham amalga oshiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid