Jahon | 07:58 / 03.11.2022
6016
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: 400 ming rossiyalik safarbarlik tufayli Rossiyani tark etdi

400 mingga yaqin rossiyalik safarbarlik tufayli Rossiyani tark etdi, deya xabar beradi dpa g‘arb hukumatlaridagi manbalariga tayanib. 

Foto: AP

Bu raqam urush boshlanganidan keyin mamlakatni tark etganlarni o‘z ichiga olmaydi. 

Bundan tashqari, ko‘plab rossiyaliklar qurolli kuchlarga chaqirilmaslik uchun «pana joylarga yashirinishgan», deydi agentlik manbalari. Bunda, aniq raqamlar keltirilmagan.

Avvalroq Rossiya mudofaa vaziri Ukrainadagi urushga safarbar qilingan 300 ming kishidan 87 ming nafari yuborilganini bildirgandi. 

Kremlga ko‘ra, safarbarlikni yakunlash uchun prezident farmoni talab qilinmaydi. Huquq himoyachilari qonundagi kamchiliklar haqida gapiryapti.

Ayni paytda safarbarlik boshlanganidan keyin ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida chaqiriqdan bir necha kun o‘tib safarbar etilganlarning urushga jo‘natilgani, ular halok bo‘lgani haqida ko‘plab ma’lumotlar e’lon qilindi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bir kun avval davlat rahbari Vladimir Putin e’lon qilgan safarbarlikni yakunlash uchun hech qanday farmon talab qilinmasligini aytdi. 

«Prezident huquqshunoslar, yuristlar bilan maslahatlashaman, dedi. Sizga shuni ma’lum qilamizki, hech qanday farmonga ehtiyoj yo‘q. Shunga ko‘ra, safarbarlikning oxiri belgilandi. Qisman safarbarlik yakunlandi. Mudofaa vazirligi tomonidan harbiy komissarliklarga chaqiriq to‘g‘risidagi qog‘ozlarni yuborishni to‘xtatish va bundan keyin hech qanday chaqiriqqa jalb qilmaslik to‘g‘risida tegishli telegrammalar yuborildi», - dedi u.

«Agora» inson huquqlari tashkiloti rahbari Pavel Chikovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qonunchiligida harbiy holatdan farqli o‘laroq, safarbarlikni tugatish ko‘zda tutilmagan, joriy etish va bekor qilish bevosita prezident farmonlari bilan belgilab qo‘yilgan.

Shu bilan birga, Chikov qonunchilikdagi kamchiliklarga e’tibor qaratdi: masalan, prezidentning «qisman safarbarlik» to‘g‘risidagi farmonida u qaysi daqiqadan yoki voqeadan boshlab o‘z faoliyatini to‘xtatishi, shuningdek, chaqirilayotgan harbiy xizmatchilar soni ko‘rsatilmagan. 

«Rossiya Mudofaa vazirligi topshiriqni qisman yoki to‘liq bajarganmi yoki yo‘qmi - noma’lum, vazirning prezidentga hisoboti va Mudofaa vazirligining press-relizlari hech qanday tartibga soluvchi (majburiy) kuchga ega emas», deb ta’kidlaydi advokat.

Mavzuga oid