“Intervyudagi hamma gaplar yolg‘on” – Senat saytiga hujum uyushtirgan namanganlik haker
Oliy Majlis Senati saytiga kiberhujum uyushtirganlar 6 kishi bo‘lib, ularning barchasi 14 yoshdagi o‘smirlar ekani aytilgandi. Kiberxavfsizlik markazi buni inkor etib chiqdi. Markaz tomonidan tarqatilgan videoda MY5 kanali yolg‘on ma’lumot tarqatishda ayblanadi.
Kiberxavfsizlik markaziga ko‘ra, Oliy Majlis Senati rasmiy saytiga kiberhujum uyushtirgan haqiqiy haker Namangan viloyatining Norin tumanida yashaydi. Markaz tomonidan berilgan ma’lumot asosida u 3 noyabr kuni ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
“Men Namangan viloyatining Norin tumanida tug‘ilganman. Bu hujumni 2 noyabr kuni taxminan soat 11:00 larda bajardim. Shunchaki saytning zaifligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi edim. 28 oktabr kuni web-saytning egalariga bu haqda report qilingan, lekin javob kelmadi. Shu sabab bu ishni qilgim keldi», – deydi Kiberxavfsizlik markazi xodimlariga intervyu bergan yosh haker.
Uning ta’kidlashicha, Senat saytiga uyushtirilgan hujum ortida o‘zi va tengdoshlari turganini aytib MY5 telekanaliga intervyu bergan 14 yashar hakerning aytgan gaplari yolg‘on.
“Bu intervyudagi hamma aytilgan gaplar yolg‘on. MarshGoldenʼni men yaratganman. Telegram-kanal ham menga tegishli, uning admini ham menman. Ripper Eminemning Marsh degan qo‘shig‘i bor. Shuni yaxshi ko‘rganim uchun o‘zim asos solgan hakerlik guruhini MarshGolden deb ataganman. Men Senat saytiga hujumni Python kodi orqali amalga oshirganman. Saytning zaifliklari ko‘p bo‘lgani uchun defeys ko‘pga cho‘zilmagan”, deya ta’kidlaydi namanganlik o‘smir.
Haker bu ishlarning noqonuniy ekanini bilmagani, soha xodimlari uning uyiga kelib, buni tushuntirganini, qilgan ishidan pushaymon ekanini aytmoqda.
Qayd etilishicha, ro‘y bergan qonunbuzarlik bo‘yicha jazo muqarrarligi ta’minlanadi. Ayni paytda voqeaga doir daliliy ashyolar bo‘yicha ekspertiza tayinlanib, holatga huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘rganish davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2 noyabrdagi kiberhujum natijasida Oliy Majlis Senatining rasmiy saytiga kirish bir muddat imkonsiz bo‘lib qolgandi.
Bu vaqtda saytda “Kiberxavfsizlik markaziga salomlar” hamda “sizning tizimingiz [hakerlar guruhining logotipi] tomonidan buzib kirildi” degan yozuv ko‘rinib turdi.
Senatning Telegramʼdagi rasmiy kanalida hakerlar hujumi tufayli Senat.uz saytining ish qobiliyati buzilgani, ayni paytda sayt faoliyatini qayta tiklash choralari ko‘rilayotgani ma’lum qilindi.
Senat.uz saytiga kirmoqchi bo‘lganlar subdomenga yo‘naltirilgandi. Tanzila Norboyevaning matbuot kotibi Hojiakbar To‘laganov ushbu subdomen Senatning yangicha dizayndagi sayti ekani, kiberhujum ortidan test rejimidagi sayt vaqtincha ishga tushirib qo‘yilganini ma’lum qildi.
5 noyabr kuni My5 telekanali Oliy Majlis Senati saytiga kiberhujum uyushtirganlar 6 kishi bo‘lib, ularning barchasi 14 yoshdagi o‘smirlar ekani haqida xabar tarqatdi. Telekanalga intervyu bergan va o‘zini MarshGolden yetakchisi deb tanishtirgan shaxs bungacha ham bir necha davlat organlari saytlariga, jumladan, Kundalik.com saytiga ham buzib kirishganini aytgandi.
Senat saytiga uyushtirilgan hujumni uyushtirganini da’vo qilib chiqqan o‘smir va uning iqrorini efirga uzatgan MY5 telekanali harakatlariga huquqiy baho berilishi hozircha noma’lum. Bloger Shuhrat Qurbonov tegishli idoralar bu tomosha nima uchun kerak bo‘lib qolganining tagiga yetishiga umid bildirgan.
MY5 telekanali Kiberxavfsizlik markazi tomonidan e’lon qilingan videodan so‘ng jamoatchilikda tug‘ilayotgan savollar yuzasidan izoh bildirib, yolg‘on axborot tarqatmaganini bildirgan.
Mavzuga oid
17:20 / 18.12.2024
Kelgusi yilda ta’lim va fan sohasiga 86,3 trln so‘m yo‘naltiriladi - Tanzila Norboyeva
14:50 / 18.12.2024
Senat 2025 yilga mo‘ljallangan davlat budjetini ma’qulladi
15:48 / 20.11.2024
Senat qo‘mitalariga raislar saylandi
13:56 / 19.11.2024