Jahon | 13:12 / 08.11.2022
8600
4 daqiqa o‘qiladi

Germaniya iqlim o‘zgarishidan yetkazilgan zarar uchun 170 mln yevro ajratadi

Qazib olinuvchi energiya manbalari uchun hech qanday uyg‘onish davri bo‘lmasligi kerak, dedi Shols Sharm ash-Shayxdagi iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyada.

Foto: Reuters

Germaniya rivojlanayotgan mamlakatlarga iqlim o‘zgarishi oqibatlaridan xalos bo‘lish uchun 170 million yevro ajratadi. Bu haqda Germaniya kansleri Olaf Shols 7 noyabr, dushanba oqshomida Misrning Sharm ash-Shayx shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi plenumi oldidan ma’lum qildi

Avvalroq BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish iqlim o‘zgarishining sayyoradagi salbiy oqibatlari haqida gapirar ekan, konferensiyada ishtirok etayotgan 190 dan ortiq davlatni «yo birdamlik pakti yoki o‘z joniga qasd qilish shartnomasi» tuzishi kerakligidan ogohlantirgan edi. 

Olaf Shols aytgan 170 million yevro iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavflardan himoya qiluvchi global soyabon – Global Shield’ni moliyalashtirish uchun ishlatilishi kerak. Uni yaratish tashabbusi Germaniya tomonidan joriy yilda G7’ga raislik qilgan paytda boshlangan edi. 

Sharm ash-Shayxdagi konferensiyada iqlim o‘zgarishi oqibatlarining oldini olish va zararni bartaraf etish bo‘yicha bahsli masala birinchi marta alohida kun tartibiga qo‘yildi. 

Jahon iqtisodiyotining qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tishining ahamiyati haqida gapirar ekan, Shols «Rossiyaning Ukrainaga qarshi shafqatsiz urushi» bu qadam xavfsizlik siyosati nuqtayi nazaridan ham zarurligini butun dunyoga namoyish etganini ta’kidladi. «Dunyoda qazilma energiya manbalari uchun uyg‘onish davri bo‘lmasligi kerak», deb ogohlantirdi Germaniya kansleri. 

Avvalroq uning kabineti iqlim himoyachilarining tanqidiga uchragan edi, chunki u ko‘mirda ishlaydigan elektr stansiyalaridan foydalanishga qaytishga va gaz yetkazib berish bo‘yicha yangi shartnomalar imzolashga qaror qilgan. 

Birlashgan millatlar tashkiloti bosh kotibi Guterrish, shuningdek, sayyoradagi iqlim o‘zgarishi rivojlanayotgan mamlakatlarga yetkazayotgan zarari masalasini yashirmaslikka chaqirdi. Uni kamaytirish chorasi sifatida BMT 7 noyabr kuni tabiiy ofatlardan erta ogohlantirish tizimini yaratish bo‘yicha harakatlar rejasini taqdim etdi, uning mablag‘i 3,1 milliard dollarni tashkil qilishi kerak.

Bundan tashqari, 25 davlat Sharm ash-Shayxda qurg‘oqchilik oqibatlariga qarshi kurashda ittifoq tuzgan. 

Rivojlanayotgan mamlakatlarga iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yengishga yordam berish uchun Sholsning 170 million yevrolik va’dasini sharhlar ekan, Brot für die Welt xayriya tashkilotining iqlim bo‘yicha eksperti Zabine Minninger buni «global janubdagi eng qashshoq odamlarga og‘ir ob-havodan keyin yana oyoqqa turishda yordam berishga qaratilgan muhim chora» deb atadi. Ammo muammo ko‘lamini hisobga olsak, bu chora yetarli emas, deya qo‘shimcha qildi u. 

Shu bilan birga, Germaniya hukumati 2025 yilga borib o‘rmonlarni himoya qilish bo‘yicha xalqaro kurashga qo‘shgan hissasini ikki baravar oshirishga va’da berdi – bir milliarddan ikki milliard yevrogacha. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid