Jahon | 08:00 / 10.11.2022
14385
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Rossiyaning muzokaralar bo‘yicha yangi taklifini rad etdi

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Oleg Nikolenko Moskvaning muzokaralarga tayyorligi haqidagi yangi bayonotini «tutun pardasi» deb atadi. Rossiya Ukrainada tinchlikni tiklashdan manfaatdor emas, faqat vaqt yutmoqchi, dedi u.

Foto: Facebook / Oleg Nikolenko

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Oleg Nikolenko Moskvaning muzokaralarga tayyorligi haqidagi yangi bayonotini «yangi tutun pardasi» deb atadi. «Rossiya rasmiylari har safar rus qo‘shinlari jang maydonida mag‘lubiyatga uchraganida muzokaralar haqida eslay boshlaydi», deb yozdi u Facebook'da 9 noyabr oqshomida.

«Moskva Ukrainada tinchlik o‘rnatilishidan manfaatdor emas, - dedi ukrainalik rasmiy. - Rossiya o‘zini muloqotga tayyorligini ko‘rsatib, bo‘linmalarni qayta to‘plash, yaqinda safarbar qilingan rossiyaliklarni tayyorlash, qurol-yarog‘ yetishmasligi muammosini hal qilish, logistika kamchiliklarini bartaraf etish uchun vaqt yutishga harakat qilmoqda. Keyin esa u yangi kuchlar bilan yangi tajovuz to‘lqinlariga murojaat qiladi. Biz buni 2014-2015 yillarda ko‘rganmiz».

Nikolenkoning ta’kidlashicha, «tinchlik muzokaralaridan haqiqatan ham manfaatdor bo‘lganlar shahar va qishloqlarni vayron qilmaydi, tinch aholini o‘ldirmaydi, energetika infratuzilmasini vayron qilmaydi, vaqtincha bosib olingan hududlar aholisini masxara qilmaydi, oziq-ovqat ta’minotiga aralashmaydi». U, shuningdek, Rossiya qo‘shinlarini Ukrainaning butun hududidan olib chiqib ketish, bosib olingan hududlardagi noqonuniy qarorlarni bekor qilish va Ukrainaga kompensatsiya to‘lashni boshlashni muzokaralar uchun shart deb bilishiga shama qildi.

Avvalroq, 9 noyabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova Rossiya Ukraina bilan muzokaralar uchun «hamon» ochiq ekanini aytgan edi. «Biz ulardan hech qachon voz kechmaganmiz. Biz ularni, albatta, hozirgi paytda yuzaga kelayotgan voqelikni hisobga olgan holda o‘tkazishga tayyormiz», dedi u brifing chog‘ida.

Ayni paytda, o‘sha kuni Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu 24 fevraldan keyin Rossiya qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lgan Ukrainaning yagona mintaqaviy markazi - Xersondan chekinishni buyurdi. Bu Ukrainadagi Rossiya Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Sergey Surovikin vaziyat haqida hisobot berib, «qo‘shinlarni Dnipro chap qirg‘og‘iga olib chiqish»ni taklif qilganidan keyin sodir bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalari hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘sha paytda daryoning o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan deyarli 4900 kvadrat metr hudud Rossiya qo‘shinlari nazorati ostida edi. 

Kiyevda Shoyguning buyrug‘iga vazminlik bilan munosabat bildirishdi. Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak Reuters agentligiga bergan intervyusida Rossiya qo‘shinlarini Xersondan olib chiqib ketish haqida gapirishga hali erta ekanligini aytdi - aksincha, uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya mintaqaga yangi kuchlarni, qo‘shinlarni yig‘moqda. «Yug» operativ qo‘mondonligi matbuot markazi rahbari Natalya Gumenyuk Xersonning taslim bo‘lishi haqidagi bayonot Moskvaning «haqiqiy niyatlari haqida noto‘g‘ri taassurot yaratishga» urinish bo‘lishi mumkinligini istisno qilmadi. NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg ham izoh berishdan o‘zini tiyib, Xerson atrofida sodir bo‘layotgan voqealarni baholashga hali erta ekanligini tushuntirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid