Jahon | 09:33 / 14.11.2022
4357
2 daqiqa o‘qiladi

Sloveniyadagi prezidentlik saylovlarida Natasha Pirs-Musar g‘alaba qozondi

Mustaqil nomzod, advokat Natasha Pirs-Musar Sloveniyaning birinchi ayol prezidenti bo‘ladi, u 54 foizga yaqin ovoz to‘pladi. Pirs-Musar 2016 yilda Melaniya Trampning advokati bo‘lgan.

Foto: Getty Images

Sloveniyada 13 noyabr, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida so‘l markazchilar qarashlariga amal qiluvchi partiyasiz nomzod, advokat Natasha Pirs-Musar g‘alaba qozondi. Saylov byulletenlarining 99,99 foizini qayta ishlagandan so‘ng u 53,86 foiz, uning raqibi, sobiq tashqi ishlar vaziri, o‘ng markazchi Sloveniya demokratik partiyasidan deputat Anjye Logar 46,14 foiz ovoz to‘pladi, deb xabar beradi Lyublyanadagi saylov komissiyasining rasmiy sayti.

Shunday qilib, 54 yoshli Pirs-Musar Sloveniyaning birinchi ayol prezidentiga aylanadi. 2004-2014 yillarda u OAV erkinligi masalalari bo‘yicha ombudsman lavozimida ishlagan. Advokat sifatida u shaxsiy hayotni himoya qilish va ma’lumotlardan erkin foydalanish bilan shug‘ullangan. Uning eng mashhur mijozi Donald Trampning rafiqasi Melaniya bo‘lib, u 2016 yilda ruxsatisiz uning nomidan reklama maqsadida foydalangan sloveniyalik tabloid hamda Sloveniya va Xorvatiya kompaniyalariga qarshi ishni olib borgan. Sud jarayoni Trampning g‘alabasi bilan yakunlandi.

Ikkinchi turda saylovchilarning faolligi 1,7 millionga yaqin saylovchining 44,08 foizini tashkil etdi.

Birinchi turda nomzodlarning hech biri 50 foizdan ortiq ovoz to‘play olmagan. 23 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan birinchi tur natijalariga ko‘ra, o‘ng qanot muxolifat nomzodi Logar taxminan 34 foiz, Pirs-Musar deyarli 27 foiz ovoz olgan. Uchinchi o‘rinni Yevroparlament deputati, sotsial-demokratlar va «Ozodlik» harakatidan nomzod Milan Brglez egalladi, u 15,4 foiz ovoz to‘pladi. Saylovda yetti nafar nomzod ishtirok etdi.

Yangi davlat rahbari 23 dekabrda, Sloveniyaning amaldagi prezidenti Borut Pahorning besh yillik vakolati tugashi bilan o‘z lavozimiga kirishishi kerak. Sloveniya parlamentli respublika bo‘lib, mamlakat prezidenti asosan vakillik funksiyalarini bajaradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid