Jahon | 09:37 / 15.11.2022
8540
3 daqiqa o‘qiladi

NATO: Rossiya bilan muzokaralar bo‘yicha qarorni Ukraina qabul qilishi kerak

Ukraina Rossiya tomonidan mamlakatga qarshi boshlangan urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar uchun qanday shartlar maqbulligini o‘zi hal qilishi kerak. Bu haqda NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg ma’lum qildi.  

Foto: AA

«Ukraina hozirgi kunda yo‘qotilgan hayotlar va mamlakatga yetkazilgan zarar bo‘yicha eng yuqori narxni to‘lamoqda. Demak, qanday shartlar maqbul bo‘lishini Ukrainaning o‘zi hal qilishi kerak», dedi Stoltenberg Niderlandiya hukumati vakillari bilan Haagadagi qo‘shma matbuot anjumanida. 

Shu bilan birga, NATO bosh kotibi Kiyevning jang maydonidagi so‘nggi muvaffaqiyatlariga qaramay, Moskvaning kuchini past baholamaslik kerakligi haqida ogohlantirdi. 

«Rossiyani past baholab xato qilmasligimiz kerak. Rossiya qurolli kuchlari katta miqdordagi qo‘shin bilan bir qatorda muhim imkoniyatlarni ham saqlab turibdi», - dedi u.

Bundan oldin Ukraina Rossiyaning muzokaralar bo‘yicha yangi taklifini rad etgandi.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Oleg Nikolenko Moskvaning muzokaralarga tayyorligi haqidagi yangi bayonotini «yangi tutun pardasi» deb atadi. «Rossiya rasmiylari har safar rus qo‘shinlari jang maydonida mag‘lubiyatga uchraganida muzokaralar haqida eslay boshlaydi», deb yozdi u Facebook'da.

«Moskva Ukrainada tinchlik o‘rnatilishidan manfaatdor emas, - dedi ukrainalik rasmiy. - Rossiya o‘zini muloqotga tayyorligini ko‘rsatib, bo‘linmalarni qayta to‘plash, yaqinda safarbar qilingan rossiyaliklarni tayyorlash, qurol-yarog‘ yetishmasligi muammosini hal qilish, logistika kamchiliklarini bartaraf etish uchun vaqt yutishga harakat qilmoqda. Keyin esa u yangi kuchlar bilan yangi tajovuz to‘lqinlariga murojaat qiladi. Biz buni 2014-2015 yillarda ko‘rganmiz».

Nikolenkoning ta’kidlashicha, «tinchlik muzokaralaridan haqiqatan ham manfaatdor bo‘lganlar shahar va qishloqlarni vayron qilmaydi, tinch aholini o‘ldirmaydi, energetika infratuzilmasini vayron qilmaydi, vaqtincha bosib olingan hududlar aholisini masxara qilmaydi, oziq-ovqat ta’minotiga aralashmaydi». U, shuningdek, Rossiya qo‘shinlarini Ukrainaning butun hududidan olib chiqib ketish, bosib olingan hududlardagi noqonuniy qarorlarni bekor qilish va Ukrainaga kompensatsiya to‘lashni boshlashni muzokaralar uchun shart deb bilishiga shama qildi.

Mavzuga oid