O‘zbekiston | 07:32 / 16.11.2022
8396
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik vatandosh xotin-qizlar kengashi tashkil etiladi

“O‘zbekistonlik vatandosh xotin-qizlar kengashini tashkil etish to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Senat, Vazirlar Mahkamasi, Oila qo‘mitasi, Tashqi ishlar vazirligi, Bandlik vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligining Oila qo‘mitasi huzurida O‘zbekistonlik vatandosh xotin-qizlar kengashini tashkil etish haqidagi taklifi ma’qullanadi.

O‘zbekistonlik vatandosh xotin-qizlar kengashi tarkibi tasdiqlanadi. Kengash asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

  • xorijda istiqomat qilayotgan vatandosh xotin-qizlar bilan yaqindan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va rivojlantirish;
  • vatandosh xotin-qizlar yashayotgan mamlakatlar qonunchiligi va O‘zbekiston xalqaro shartnomalariga asoslangan holda ular huquqlari samarali himoya qilinishiga ko‘maklashish;
  • olim va ijodkor vatandosh xotin-qizlar O‘zbekiston nufuzini oshirishga qaratilgan ilmiy, ijodiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash;
  • vatandosh xotin-qizlarni O‘zbekiston hududida tadbirkorlik, investitsiyaviy, ilmiy, ma’rifiy va madaniy faoliyat bilan shug‘ullanishga faol jalb qilish;
  • vatandosh xotin-qizlar duch kelayotgan muammolarni tizimli asosda tahlil qilish va ular yechimi yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish;
  • xotin-qizlar jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi bilan xotin-qizlar jamiyatdagi rolini oshirish, onalik va bolalikni muhofaza qilishga oid davlat siyosatini amalga oshirishda yaqindan hamkorlik qilish;
  • vatandosh xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilish;
  • murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandosh xotin-qizlarni belgilangan tartibda moddiy, ijtimoiy va huquqiy qo‘llab-quvvatlash, zarur hollarda O‘zbekistonga qaytarishga ko‘maklashish haqidagi tavsiyalarni Bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga kiritish.

Belgilanishicha:

  • O‘zbekistonlik vatandosh xotin-qizlar kengashi o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi;
  • O‘zbekistonlik vatandosh xotin-qizlar kengashi a’zolari, qoida tariqasida, kamida yarmi xorijda istiqomat qilayotgan xotin-qizlardan iborat bo‘ladi;
  • Oila qo‘mitasi O‘zbekistonlik vatandosh xotin-qizlar kengashi ishchi organi hisoblanadi;
  • O‘zbekistonlik vatandosh xotin-qizlar kengashini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ishlari Oila va xotin-qizlar davlat maqsadli jamg‘armasiga davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar va jamg‘arma yillik daromadlari doirasida amalga oshiriladi.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid