O‘zbekiston | 08:16 / 18.11.2022
6093
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Mintaqaviy iqlim kengashi tashkil etishni taklif qildi

O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi mamlakat delegatsiyasi Misrning Sharm al-Shayx shahrida BMT iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi tomonlari 27-konferensiyasida ishtirok etdi.

Foto: Senat.uz

O‘zbekiston parlamenti yuqori palatasi raisi o‘z nutqida birgalikdagi sa’y-harakatlar bilangina oqibatlari Markaziy Osiyoda ham yaqqol kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishi muammosiga qarshi turish mumkinligini ta’kidladi.

«O‘zbekiston asosiy maqsadi – amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlarga «yashil» iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish orqali iqtisodiy taraqqiyotga erishish. Bu yo‘nalishda iqtisodiyot barcha sektorlarida ugleroddan kamroq foydalanishga o‘tish va resurslarni tejash, samarali va ekologik toza texnologiyalarni joriy etish ustuvor yo‘nalish hisoblanadi», dedi Tanzila Norboyeva.

Parij bitimi doirasida O‘zbekiston 2030 yilgacha parnik gazlar chiqarishni 35 foizga kamaytirish majburiyatini yana bir bor tasdiqlaydi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlar amalga oshirish boshlandi.

2026 yilga borib «yashil» energetika ulushini 8 ming MVtga yetkazish rejalashtirilmoqda, bu karbonat angidrid gazi chiqarishni 5 mln tonnaga kamaytirish imkonini beradi. 2030 yilga borib iqtisodiyot energiya samaradorligini ikki baravar oshirish, qayta tiklanadigan energiya ulushini kamida 25 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Har yili 200 mln tup daraxt va buta ekishni nazarda tutuvchi «Yashil makon» umummilliy loyihasi ko‘p jihatdan respublikada iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishga va ularga moslashishga xizmat qiladi. Loyiha yiliga 200 million tup daraxt va butalarni ekishni nazarda tutadi. Besh yildan so‘ng shaharlardagi ko‘kalamzor maydonlar hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshadi.

Senat raisi Tanzila Norboyeva mamlakat xalqaro hamjamiyat bilan faol hamkorlik qilishga tayyor ekanini hamda Mintaqaviy iqlim kengashini tashkil etishni taklif qilayotganini ta’kidladi. Bu iqlimga moslashish bo‘yicha loyihalarni targ‘ib qilishda, cho‘llanish va yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishda, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etishda hamkorlik samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Keyingi yilda O‘zbekistonda cho‘llanishga qarshi kurashish va yovvoyi hayvonlar ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha BMT ikkita yirik tadbirini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Barcha xalqaro hamkorlarni ushbu forumlar ishida faol ishtirok etish taklifi bildirildi.

Mavzuga oid