Sport | 16:01 / 20.11.2022
20667
2 daqiqa o‘qiladi

Mundial boshlanmoqda, Qatar ko‘chalari muxlislarga to‘ldi

Bugun Qatarda jahon chempionati bahslari boshlanadi. Bir necha kun avval mamlakatda muxlislar ko‘zga tashlanadigan darajada ko‘p emasdi, ammo oxirgi ikki kunda ularning soni keskin ko‘paydi.

Aftidan yashash narxi arzon bo‘lmagan Qatarga ko‘plab muxlis va jurnalistlar o‘yin kuni yetib kelishga qaror qilgan. Uch yil avval aynan jahon chempionati uchun qurilgan Qatar metrosida yo‘lovchi ko‘payganidan odamlarni ma’lum muddat ko‘chada ushlab turishga majbur bo‘lishmoqda. Aks holda bekatlarda odam ko‘payib ketib, tiqilinch yuzaga kelishi mumkin. Olomonni esa yer ostidan ko‘ra yer ustida jilovlash osonroq.

Foto: Tribuna.uz
Foto: Tribuna.uz

Kornish deb ataluvchi sohil bo‘yi va JCh hamkori bo‘lmish Hublot soati o‘rnatilgan maydonda odam juda ko‘p. Bu maydonlar oldidan metro yaqinida aynan odamlar oqimini to‘g‘ri taqsimlash bo‘yicha maxsus guruh ishlamoqda. Ular orasida yevropalik mutaxassislar ham bor.

Foto: Tribuna.uz
Foto: Tribuna.uz
Foto: Tribuna.uz

Qatarga jahon chempionati vaqtida kirishga imkon beruvchi Hayya Card (elektron viza) sohiblariga metrodan foydalanish bepul. Yashil, qizil va oltin deb nomlangan uchta yo‘nalishda harakatlanuvchi poyezdlar shaharning barcha markaziy joylariga olib boradi. Tabiiyki, stadionlarga metro bilan osongina yetib borish mumkin. Metro bormaydigan arenalarga esa avtobusda borsa bo‘ladi va ular ham elektron vizasi bor, media akkreditatsiyaga ega mehmonlar uchun bepul.

Foto: Tribuna.uz
Foto: Tribuna.uz
Foto: Tribuna.uz

Qatardagi hindistonlik muxlislar haqida hikoyamizni bu gal ham davom ettiramiz. Sohilda Lionel Messining hindistonlik personal muxlislari barchaning e’tiborini tortib, uning ismini aytib qo‘shiq aytishayotganiga guvoh bo‘ldik. Yuqoridagi videoda ularni ham ko‘rishingiz mumkin.

O‘tkir Jalolxonov, Qatar.

Mavzuga oid