Jamiyat | 22:45 / 21.11.2022
18413
2 daqiqa o‘qiladi

Qarshida 17 yoshli qiz is gazidan zaharlanib vafot etgani aytilmoqda

Koson tumanida yashovchi qiz Qarshi shahridagi o‘quv kurslaridan birida o‘qigan va jasadi topilgan xonadonda ijarada turgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahrida abituriyent qiz ijarada yashagan uyida is gazidan zaharlanib vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Qashqadaryo viloyati prokuraturasi matbuot xizmati rahbari Sohibjon G‘aybullayev hodisa yuzasidan Kun.uz’ga ma’lumot berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yil 20 noyabr kuni ertalab Qarshi shahri Mahallot mahallasidagi xonadonlardan birining hammomidan 2005 yilda tug‘ilgan qizning jasadi topilgan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, Koson tumanida yashovchi qiz Qarshi shahridagi o‘quv kurslaridan birida o‘qigan va jasadi topilgan xonadonda ijarada turgan.

S.G‘aybullayevning aytishicha, hozirda Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Qiz is gazidan vafot etganlikda gumonlanmoqda. Holat yuzasidan ekspertiza tayinlangan. Uning xulosalariga ko‘ra qizning nima sababdan vafot etganiga oydinlik kiritiladi.

«O‘zbekistonda sovuq mavsum boshlanganda is gazi bilan zaharlanish holatlari sodir bo‘ladi. Aksariyat hollarda is gazi bilan zaharlanish isitish pechlari mo‘risining yaxshi tozalanmasligi yoki isitish pechlarini o‘rnatishda e’tiborsizlik qilish ortidan kelib chiqadi. Fuqarolardan isitish pechlariga, mo‘rilariga e’tiborli bo‘lishlarini iltimos qilamiz», deydi Sohibjon G‘aybullayev.

Avvalroq, Jizzaxda uch kishi, Xorazmda ikki kishi is gazidan zaharlanib vafot etgandi. Ulardan uch nafari voyaga yetmagan bolalar bo‘lgan.

 

Mavzuga oid