Jahon | 16:03 / 21.11.2022
29684
7 daqiqa o‘qiladi

Ukrainaning vayron bo‘lgan shahar va qishloqlariga qish keldi. Urush suratlari

Rossiya va Ukraina bir-birini Zaporijjya AESni o‘qqa tutishda ayblashda davom etmoqda. Xalqaro atom energetikasi agentligi rahbari zudlik bilan otishmani to‘xtatishga chaqirdi. Ukraina hukumati ukrain harbiy xizmatchilari rossiyalik harbiy asirlarni qatl qilgani aytilgan video yuzasidan tekshiruv o‘tkazilishini va’da qildi. Ukraina armiyasi Xarkiv, Donetsk va Xerson oblastlarida ozod etgan qishloqlarda o‘ldirilgan 700 dan ortiq ukrainlarning jasadlari aniqlandi. Ularning aksari — tinch aholi vakillari. The Washington Post xabariga ko‘ra, Moskva va Tehron Rossiya hududida Eron dronlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha maxfiy kelishuv tuzgan. Telegram-kanallarda Belgorod oblastidagi harbiy qismda ikki rossiyalik harbiy xizmatchi barchaning ko‘z o‘ngida qo‘lga olinishi aks etgan video tarqaldi. Ular oldingi chiziqqa qaytish to‘g‘risidagi buyruqni bajarishdan bosh tortishda ayblanmoqda.

Quyida 20 noyabr, urushning 270-kunida Ukrainaning turli hududlarida olingan suratlar.

Kiyev atrofida qor ostida qolgan qishloq vayronalari

«Antonov» aeroporti joylashgan Gostomel posyolkasi yaqinidagi Moshchun qishlog‘i. Urushning ilk kunlarida Rossiya qo‘mondonligi bu hududni vertolyot desanti va samolyotlarni qo‘llagan holda egallab olishni maqsad qilgandi. Moshchun qishlog‘i Gostomel va Kiyev o‘rtasida joylashgan — bu rossiyaliklar uchun strategik ahamiyatga ega nuqta edi.
Metin Aktas / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp ​images / Vida Press
Moshchun qishlog‘idagi kvartiralardan biridagi interer. Oyna otishma vaqti derazalar sinib tushmasligi uchun adyollar bilan mustahkamlangan. 24 fevral kuni Rossiya qo‘shini Gostomeldagi aeroportni va uning yaqinidagi Moshchun qishlog‘ini egallashga uringandi, ammo  Ukraina qurolli kuchlari hujumlarni qaytardi. 25 fevral kuni RF armiyasi baribir aeroportni egallab oldi, ammo Ukraina qo‘shini chekinish chog‘ida uchish-qo‘nish polosasini yaroqsiz holatga keltirdi va rossiyaliklar aeroportdan foydalana olmadi.
Metin Aktas / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp ​images / Vida Press
Moshchundagi ma’muriy binoda tashlab ketilgan kiyimlar. 27 fevral kuni rossiyalik harbiylar «Antonov» aeroportida unikal samolyot - An-225 «Mriya»ni yakson qilgandi. Mart oyi oxirida rossiyaliklar Kiyev oblastidan chekina boshladi va Gostomeldagi aerodromni to‘liq egallashga urinishlarni to‘xtatdi. Moshchun qishlog‘i bu hududda olib borilgan shiddatli janglar tufayli deyarli butkul yakson bo‘lgan.
Metin Aktas / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp ​images / Vida Press
Moshchunda yakson etilgan avtomobil. Oktyabr oyida mahalliy nashrlar qishloqda hamon elektr va ichimlik suvi ta’minoti yo‘qligini xabar qilishgan, qishloqda qolgan aholi esa vayronaga aylangan uylarda yashashga majbur bo‘lmoqda.
Metin Aktas / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp ​images / Vida Press

Xerson oblastining ozod etilgan qismidagi hayot

11 noyabr kuni ozod etilgan Xersonda yashovchi ayol ichimlik suvi to‘ldirilgan idishlar bilan. Shaharda hamon elektr va suv ta’minoti bo‘yicha muammolar saqlanib qolmoqda, shu tufayli xersonliklar to‘liq gumanitar yordamga qaram bo‘lib qolgan.
Bulent Kilic / AFP / Scanpix / LETA
Dneprda qayiqda ov qilayotgan baliqchi, daryo ortida quyuq qora tutun ko‘tarilgan. Rossiya harbiylari Xerson oblastining ozod etilgan hududlariga zarba berishda davom etmoqda.
Bulent Kilic / AFP / Scanpix / LETA
Xersonlik ayol shahar ko‘chalaridan birida
Bulent Kilic / AFP / Scanpix / LETA
Xersondan 10 kilometr masofadagi Belozerka qishlog‘i aholisi vakili. 19 noyabr kuni, Ukraina tomoni bayonotiga ko‘ra, rossiyalik harbiylar Belozerkadagi gumanitar yordam tarqatish nuqtasini o‘qqa tutgan, jabrlanganlar haqida ma’lumot berilmagan.
Bulent Kilic / AFP / Scanpix / LETA

Donbass shimolidagi ukrain jangchilari 

Ukrain harbiylari Donetsk oblastidagi front chizig‘ida joylashgan bino yerto‘lasida. 20 noyabr kuni Volodimir Zelenskiy navbatdagi kechki videomurojaatida Donbassda «qaqshatqich janglar davom etayotgani»ni qayd etdi. Milliy politsiyaga ko‘ra, Rossiya qo‘shini Donetsk oblastidagi o‘nlab aholi yashash manzillari bo‘ylab zarbalar bergan, yaralanganlar orasida — yosh bola ham bor.
Diego Herrera Carcedo / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp ​images / Vida Press
Ukraina qurolli kuchlari jangchilari Donetsk oblastidagi front chizig‘ida vayron bo‘lgan binoda.
Diego Herrera Carcedo / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp ​images / Vida Press
Soledardagi zarbaga uchragan turar joylar kvartalidagi ko‘rinish — Kramatorskdan 60 kilometr janubi-sharqda joylashgan bu shahar Ukraina armiyasi nazoratida qolmoqda. Kramatorsk so‘nggi bor 19 noyabr kuni rossiyalik harbiylar zarbasiga uchragan: xususiy sektor shikastlangan, qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.
Diego Herrera Carcedo / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp ​images / Vida Press
Ukrain askarlari Donetsk oblastidagi oldingi chiziqda minomyotdan o‘t ochishmoqda
Diego Herrera Carcedo / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp ​images / Vida Press
Ukraina artilleriyasidan o‘t ochilishi
Libkos / AP / Scanpix / LETA
Baxmut yaqinidagi pozitsiyada yomg‘ir ostida turgan ukrain harbiysi — bu rossiyaliklar hujumi davom etayotgan eng qaynoq nuqtalardan biri. Ukraina qurolli kuchlariga ko‘ra, bu yerda janglar kecha-yu kunduz davom etmoqda.
Libkos / AP / Scanpix / LETA

Kiyevdagi blekaut 

Kiyevdagi ko‘p kvartirali uylardan birining derazasidagi chiroq yorug‘i. Poytaxtda elektr energiyasini rejali o‘chirish jarayoni davom etmoqda, hukumat rossiyalik harbiylar oktyabr oyidan Ukraina energiya tizimiga yoppasiga zarba berishni boshlagach, shunday chora ko‘rishga majbur bo‘lgan. Elektr o‘chirilgan vaqtda mutaxassislar zarbalardan shikastlangan energiya tizimida ta’mirlash ishlari olib borishadi.
Valentyn Ogirenko / Reuters / Scanpix / LETA

Mavzuga oid