Jahon | 17:58 / 22.11.2022
15593
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston kartoshka va sabzini O‘zbekistonga sotib, keyin qayta sotib olmoqchi

Qozog‘istonda mahsulotlar saqlanadigan omborlar yetishmasligi sababli, kartoshka va sabzini O‘zbekistonga sotib, erta bahorda qayta sotib olish rejalashtirilyapti.

Foto: Tengrinews.kz

Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari, savdo va integratsiya vaziri Serik Jumangarin O‘zbekistonga markazlashgan tarzda kartoshka va sabzi sotish, erta bahorda esa qayta sotib olish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

«O‘zimizda deyarli hamma narsani yetishtiramiz, lekin yetarli miqdorda emas. Hozir eksportga yetadigan miqdorda kartoshka yetishtiramiz, lekin uni, aytaylik, aprelgacha saqlay olmaymiz. Shuning uchun mart oyining oxirida, aprelda qayerdandir olib kelishga majburmiz.

Hozir O‘zbekistonga ketyapmiz, ularga bizning kartoshkamiz, sabzimiz kerak. Hozir ular bilan shartnoma tuzib, markazlashgan holda kartoshka va sabzi sotishga tayyormiz. Mart-aprel oylarida kartoshka va sabzini markazlashgan holda ulardan xarid qilishimiz mumkin», dedi Jumangarin.

Shuningdek, vazir Qozog‘istonda mahsulotlarni saqlash uchun omborlar yetishmasligini ma’lum qildi.

«Davlat tadbirkorlik bilan shug‘ullanmasligi kerak. Hududlarda kamida ikki-uchta omborxonamiz bor. Mahsulotlar nima uchun qimmatlashayotgani sababi shuki, biz ularni juda kerakli vaqtgacha saqlay olmaymiz. Masalan, erta bahorgacha. Saqlash joylari juda kam, ayniqsa iqlim nazoratiga ega omborlar yetishmaydi. Bu juda muhim narsalar», dedi Jumangarin.

Mavzuga oid