Jahon | 13:26 / 24.11.2022
16426
2 daqiqa o‘qiladi

DXX: «O‘zyo‘linspeksiya» mas’ullariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

«O‘zyo‘linspeksiya» Yo‘l-qurilish materiallari sifatini nazorat qilish va yo‘l sinov laboratoriya boshqarmasi tomonidan 2021 yilning fevral oyida Andijon viloyati Xonobod shahridagi 4H-1071 «Xonobod-Turkobod» avtomobil yo‘li 0-7 km qismida yotqizilgan asfaltbeton qatlamlari qalinligi tekshirilgan hamda loyiha va me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa qilingan.

Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, joriy yilda mutasaddi idoralar tomonidan mazkur yo‘ldagi asfaltbeton qatlami qalinligi qayta o‘rganilib, nazorat o‘lchovi o‘tkazish davomida obekt asfaltbeton qoplamasidan olingan 73 ta namuna qalinligi loyiha va me’yoriy hujjatlar talablariga mos emasligi, qoplama qalinligi kam ekani aniqlangan.

Bosh pudratchi tomonidan yo‘l qoplamasi qatlamlar qalinligi me’yordan kam yotqizilgani oqibatida jami 86 728 AQSh dollari miqdoridagi ish hajmi qo‘shib yozilgani ma’lum bo‘lgan va tekshirish davomida ushbu qo‘shib yozilgan ish hajmlari to‘liq bartaraf etilgan.

«O‘zyo‘linspeksiya» Yo‘l-qurilish materiallari sifatini nazorat qilish va yo‘l sinov laboratoriya boshqarmasi mas’ul xodimlari yotqizilgan asfaltbeton qatlami qalinligi loyiha va me’yoriy hujjatlar talablariga mos bo‘lmasa-da, 2021 yilda ijobiy xulosa berib, davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazganlikda gumonlanyapti.

Mazkur holatda «O‘zyo‘linspeksiya» Yo‘l-qurilish materiallari sifatini nazorat qilish va yo‘l sinov laboratoriya boshqarmasi mas’ul xodimlari va boshqalarga nisbatan Transport prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksi 205- va 209-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid