Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevrokomissiya: Ukrainadan kelgan qochqinlar uyiga tezda qaytib ketmaydi
Ukrainalik qochqinlarni qabul qilgan davlatlar noqulayliklarga qaramay, birdamlik ko‘rsatishda davom etishi kerak, deydi Yevrokomissiya raisi o‘rinbosari Dubravka Shuytsa.
Germaniya va ukrainalik qochqinlarni qabul qilgan boshqa davlatlar ular urush tugagandan so‘ng darhol vataniga qaytmasligi ehtimoliga tayyor bo‘lishi kerak. Bu fikrni Yevrokomissiya (YeK) vitse-prezidenti Dubravka Shuytsa 26 noyabr, shanba kuni chop etilgan Redaktionsnetzwerk Deutschland (RND) nashrlar guruhiga bergan intervyusida bildirdi.
«Menimcha, biz bunga tayyor bo‘lishimiz kerak, - dedi Shuytsa. - Asosiy muammo shundaki, bu oilalar urush tugaganidan keyin birinchi kundayoq uylariga qaytamiz deb o‘ylashadi. Ammo o‘shanda ular hali uylariga qayta olishmaydi, sababi uylari vayron bo‘lgan, ish o‘rinlari yo‘qolgan. Ochig‘ini aytishim kerak, men o‘zim sobiq Yugoslaviyadagi Xorvatiyada urushni boshdan kechirganman».
Dubravka Shuytsa Yevropa Komissiyasida demokratiya va demografik muammolar uchun mas’ul bo‘lib, Yevropa darajasida bolalar huquqlari bilan shug‘ullanadi. RND nashriga bergan intervyusida u qochqinlarni qabul qilgan davlatlar qandaydir noqulayliklarga chidashga to‘g‘ri kelishini tan oldi: «Ha, agar biz bog‘cha guruhlari va maktablardagi bolalar soni haqida gapiradigan bo‘lsak, bizning standartlarimiz yomonlashdi. Hozir sinfdagi bolalar soni 15 yoki 20 nafar emas, balki 35 nafarni tashkil qilyapti. Sobiq o‘qituvchi sifatida men bu - muammo ekanligini bilaman».
Shu bilan birga, Yevrokomissiya raisi o‘rinbosari bu qiyinchiliklarga qaramay, yevropaliklar yordam berayotganlar bilan birdamlik ko‘rsatishlari muhimligini ta’kidladi: «Biz birdamlikni yaxshiroq ifodalashimiz kerak, aks holda odamlar xudbin bo‘lib, o‘z pullarini qaytarishni xohlashadi. To‘g‘ri, standartlar mavjud. Lekin shunday standartlar ham borki, ularni urush tugamaguncha tiklab bo‘lmaydi».
Dubravka Shuytsa, shuningdek, qishning yaqinlashib kelayotgani va davom etayotgan Rossiya hujumlari bilan, prognozlarga ko‘ra, Ukrainadan qochqinlar soni yanada ortishi mumkinligini aytdi.
Rossiya Ukraina bilan urushda «terrorchilik vositalaridan» foydalanayotgani to‘g‘risida Yevroparlament rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlashga tayyormi, degan savolga amaldor aniq javob bermadi. Ammo Rossiya qo‘shinlarining qo‘shni davlatga bostirib kirishini izohlar ekan, u shunday dedi: «Ular Ukrainadagi odamlarga nisbatan shafqatsiz va ular qilayotgan ishlar mutlaqo qabul qilinishi mumkin emas».
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning keng ko‘lamli tajovuzi boshlanganidan keyin 14 millionga yaqin odam Ukrainani tark etgan. Germaniyada 2022 yil oktyabr oyi oxiriga kelib, 1 millionga yaqin ukrainalik qochqin ro‘yxatga olingan.
Mavzuga oid
10:02 / 13.06.2026
Ukraina armiyasida keng ko‘lamli islohotlar boshlandi
23:16 / 12.06.2026
Yevropa Ittifoqi Ukraina va Moldova a’zoligi bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi
17:21 / 12.06.2026
Rossiya–Ukraina urushida front chizig‘i: tashabbus kim tomonda?
16:47 / 10.06.2026